Bugun, 20 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mazkur agentlik tashabbusi va Maktabgacha ta'lim vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan «Bolalik kunlarimda» loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri shu haqda xabar berdi.



Tadbirda «UNICEF» tashkilotining ta'lim va maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbarlari Dipa Shankar va Vazira Nazarova, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov hamda Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Yelena Ten ishtirok etib, jurnalistlarga loyiha haqida ma'lumot berishdi.

Loyiha orqali o‘zbek xalq ertaklarining audio talqinini yaratish va xalq og‘zaki ijodi na'munalarini zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalangan holda bolalarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, mutaxassislar, jumladan, muharrirlar, tarjimonlar, musahhih, ruhshunos, ovoz rejissyorlari va aktyorlar hamkorligida professional studiyada tayyorlanadigan audio ertaklar Telegram messenjeridagi @Bolalikkunlarimda maxsus kanali, youtube, facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda har 3 kunda, belgilangan vaqtda joylab boriladi.
Shuningdek, loyiha doirasida tayyorlangan audio disklar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi do‘konlarda har oy yakunida (5ta o‘zbek, 5ta rus tilida) sotuvga chiqariladi.


«So‘nggi paytlarda shunday ertaklarni guvohi bo‘lyapmizki, ularni yosh bola tugul kattalar ham eshitishga qo‘rqadi. Mazkur loyiha doirasida esa milliyligimizdan kelib chiqqan holda, tarbiyaviy ahamiyatga ega, bolalar uchun zararli bo‘lmagan ertaklar audio shaklda tayyorlab tarqatish uchun tanlab olinayapti», - deydi agentlik rahbari Komil Allamjonov.


















