Inglizlar Gelzenkirxendagi o‘yinda penaltidan ikkita gol o‘tkazishdi, bir kishi kam bo‘lib qolishdi va baribir g‘alaba bilan qaytishdi.
«Shalke» (Germaniya) – «Manchester Siti» (Angliya) – 2:3 (2:1)
Gollar: Aguero, 18 (0:1). Bentaleb, 38 – penalti (1:1). Bentaleb, 45 – penalti (2:1). L.Sane, 85 (2:2). Sterling, 90 (2:3).
«Shalke» (Gelzenkirxen): Fermann, Bruma, S.Sane, Nastasich, Kalidjuri, Serdar, Bentaleb, Makkenni (Skrsibski, 77), Ochipka, Mendil (Burgshtaller, 65), Ut (Xarit, 88).
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Fernandinyu, Otamendi, Lyaport, De Breyne (Zinchenko, 87), Gyundogan, Silva (Kompani, 70), Sterling, Aguero (L.Sane, 78), Bernardu Silva.
Ogohlantirishlar: Otamendi, 37. Ut, 41. Fernandinyu, 43. S.Sane, 73. Ederson, 90+5. Burgshtaller, 90+5.
Chetlatish: Otamendi, 68.
Hakam: del Serro Grande (Ispaniya).
20 fevral. Gelzenkirxen. «Feltins-Arena».
Javob o‘yini – 12 mart.
Qur'a natijalaridan keyin «Manchester Siti»ning omadi kelgani, «Shalke»ga qarshi o‘yinlar natijasi oldindan ma'lumligi aytilgan bo‘lsada, bu o‘yin kamida ikki futbolchi uchun, Matii Nastasich hamda Leroy Sane uchun ahamiyatli edi. Birinchisi Gelzerkirxenga kelishdan avval «Siti» sharafini himoya qilgan, ikkinchisi «Shalke» tarbiyalanuvchisi sanaladi. Maydon egalari ustozi Domeniko Tedesko serbiyalik futbolchini boshlang‘ich tarkibda tushirdi, Gvardiola esa Saneni zaxirada madad kuchi sifatida ushlab turishga qaror qildi.
Agueroning rekordi

O‘yinning ilk daqiqalaridanoq maydon egalari oldinga tashlanishdi, «Shalke»ning 5 himoyachisi doimiy bosim ostida ushlab turildi. Barchadan ko‘proq Serxio Aguero faollik ko‘rsatdi, u jamoasining keyingi 9 o‘yinidan 6tasida hisobni ochuvchi golni urgandi. Argentinalik hujumchi raqibni pressing qilar va zarba berish uchun qulay payt poylardi. Unga ilk xavfli vaziyatni sheriklari yaratib berishdi, to‘p jarima maydoniga olib kirildi va Agueroga kuchli zarba yo‘lladi, lekin bu vaziyatda Ralf Fermann zarbani bartaraf etdi.
Bo‘lim o‘rtalariga kelib «Siti»ning maydondagi ustunligi hisobda ham aks etdi. Maydon egalarining o‘zi golga sababchi bo‘lishdi, Mark Ut maydon markazida ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashda yutqazdi, «Shalke» futbolchilari esa hakamga qoida buzilganini uqtirishga kirishib ketishdi, bu vaqtda Aguero ta'qibi ostidagi mezbonlar himoyachisi to‘pni darvozabonga uzatdi, dovdirab qolgan Fermann esa to‘pni raqibning ikki futbolchisi o‘rtasidagi himoyachiga, Leroy Sanening ukasi Salif Sanega uzatdi, ammo Silva chaqqonroq harakat qildi va to‘pga ega chiqib, uni bo‘sh darvoza qarshisida qolgan Agueroga tashlab berdi. Mezbonlar hakamga bosim uyushtirishda davom etishdi (holbuki, nemis futbolchilarining o‘zi Ut bilan bog‘liq vaziyatdan keyin o‘yinni davom ettirishgandi), ispaniyalik hakam Karlos del Serro Grande videotakrorni ko‘rib chiqib, golni inobatga oldi.










