Yaponiyalik professor Kodji Shibadzaki O‘zbekistonda saqlanayotgan qadimiy qog‘ozlarning tarkibini Yaponiyaning eng zamonaviy elektron jihozlarida tadqiq qilish taklifi bilan chiqdi. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutiga Yaponiyaning Aichi san'at universiteti professori, taniqli yapon san'atshunosi Kodji Shibadzaki boshchiligidagi bir guruh delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad – qadimiy o‘zbek qog‘ozi tarixi va ishlab chiqarish texnologiyasi bilan bog‘liq tadqiqotni amalga oshirish, qadimgi o‘zbek qog‘ozi bilan jahon xamjamiyatini tanishtirish loyihasini birgalikda amalga oshirish masalalarini muhokama qilish.
Professor Kodji Shibadzaki O‘zbekistonda saqlanayotgan qadimiy qog‘ozlarning tarkibini Yaponiyaning eng zamonaviy elektron mikroskoplarida va boshqa ilmiy texnologik asboblar yordamida tahlil qilish, tarkibini o‘rganish, uning xitoy qadimiy qog‘ozlaridan farqli xususiyatlari va tayyorlash texnologiyalarini tadqiq etish loyihasini taklif etmoqda.















