Bosh prokuratura Surxondaryoda o‘ziga o‘t qo‘ygan fuqaro bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi
2019 yil 25 fevral kuni Termiz tumani, “Uchqizil” mahallasi at-Termiziy ko‘chasi markazida fuqaro B.E. o‘zi bilan olib yurgan 0,5 litr hajmdagi polietilen idishda bo‘lgan benzin yoqilg‘isini ustiga sepib, qo‘lida bo‘lgan zajigalka-yondirgich orqali o‘zini o‘zi yoqib yuborgani xabar berilgandi.
Natijada, B.E. kuyish tan jarohatlari bilan Termiz tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. 2019 yil 25 fevraldagi ekspert xulosasiga ko‘ra, fuqaro B.E.da tananing 15% I-II darajali termik kuyishi natijasida, og‘irlik darajasiga ko‘ra “o‘rtacha” og‘irlikdagi tan jarohati aniqlangan.
B.E.ning o‘zidan o‘z joniga suiqasd qilish sababi o‘rganilganda, 2018 yil 5 dekabr kuni Termiz tuman hokimligi tomonidan tadbirkorlik qilib kelayotgan savdo shoxobchasi buzib tashlashni talab etilganligi bois, hokimlik binosi oldida o‘z joniga suiqasd qilganligi vajini bayon qildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.
Tuman hokimligida B.E.ning yer ajratish haqidagi murojaatlari mavjudligi fakti o‘rganilganda, u ushbu voqeaga qadar tuman hokimligiga yer ajratish haqida rasman murojaat qilmaganligi aniqlangan.
Aniqlanishicha, B.E. tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan, biroq turmush o‘rtog‘i O.J. 09.03.2018 yilda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, milliy shirinliklar, non-bulka va qandolatchilik mahsulotlari tayyorlash bilan shug‘ullanishga ruxsat beruvchi guvohnomaga ega bo‘lgan.
Biroq, O.J. tumandagi “Uchqizil” mahallasida 2018 yil boshlaridan 50 kv.m. yer maydonda o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda ayvon (naves) qurib olib, undan umumiy ovqatlanish shoxobchasi sifatida foydalanib, aholiga “perashki” pishirib sotish bilan shug‘ullangan.
2018 yil noyabr oyida tuman hokimligining qurilish bo‘limi tomonidan B.E. yuqoridagi noqonuniy qurilishni buzib olish haqida og‘zaki ravishda ogohlantirilgan va u oila a'zolari bilan birga 2018 yil 4-5 dekabr kunlari noqonuniy qurilmani o‘z ixtiyori buzib olib, buzishdan chiqqan qurilish materiallarini o‘zlari olib ketgan.
VMning 467-sonli qarorining 8-bandida vakolatli organ o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat aniqlangan taqdirda, ushbu imoratni qurgan shaxsni 15 kun muddatda ixtiyoriy buzib olish to‘g‘risida ogohlantirib, dalolatnoma rasmiylashtirish belgilangan.
Biroq, B.E. qonuniy qurilmani o‘z ixtiyori bilan buzib olganligi bois, hujjat rasmiylashtirilmagan.
Tekshirish davomida Termiz tuman hokimining 28.02.2019 yildagi 1074-sonli qaroriga asosan B.E.ga tumanning “Uchqizil” mahallasi hududidan vaqtincha foydalanish uchun yengil metall qurilmadan iborat 8,0x4,0 metr o‘lchamdagi 40,0 m.kv. yer maydonida ko‘chma “Savdo rasta”ni o‘rnatishga ruxsat berilishi ta'minlandi.
B.E. hozirda hech kimga da'vosi yo‘qligini, qilgan ishidan pushaymonligini ma'lum qilgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Termiz tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
20:01 / 01.11.2024
O‘zbekiston Qahramoni Ahmad Narzullayev vafot etdi
10:02 / 19.10.2024
Surxondaryoda aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan 1 400 tonna ko‘mir talon-toroj qilindi
07:40 / 18.10.2024