Forbes o‘z egalarining ko‘p millionli mulkini meros sifatida qo‘lga kiritgan omadli jonivorlar ro‘yxatini tuzdi.

Shupet laqabli birma zotli mushuk 19 fevral kuni vafot etgan dizayner Karl Lagerfeldga tegishli. U o‘z egasiga tegishli mulkning bir qismi, ya'ni 200 million dollarni meros sifatida olishi mumkin deb yozmoqda Bi-bi-si. Moda olamining vakili 2015 yilda shunday degandi: “Shupetning o‘z mulki bor, u merosxo‘r. Agar menga biror nima bo‘lsa, unga g‘amxo‘rlik qilgan kishi hech nimaga zoriqmaydi”.

XVII asrdayoq fransuz kardinali Rishele o‘z jamg‘armasini 14 ta mushukka qoldirgan. Afsonaga ko‘ra, yaqinlari Rishelening istagini qo‘llab-quvvatlashmadi va muammoni keskin - barcha jonivorlarni o‘ldirish yo‘li bilan hal qilishdi.

Vaqt va davr o‘zgaradi, biroq egalarining o‘z uy hayvonlariga bog‘liqligi va ular uchun farovon hayotni ta'minlash istagi o‘zgarmasligicha qoldi. Forbes omadli merosxo‘r jonivorlar ro‘yxatini tuzdi.

  • Gyunter IV ovcharkasi — 375 mln dollar
  • Shimpanze Kalu — 60 mln dollar
  • Opra Uinfri itlari — Sedi, Sanni, Loren, Leyla va Lyuk — 30 mln dollar
  • Mushuk Bleki — 25 mln dollar.
  • Tovuq Jigo — 16 mln dollar
  • Bolonka Trabl — 12 million dollar
  • Chixuaxua Konchita — 11,3 million dollar

1992 yil nemis grafinyasi Sharlotta Libershtaynning vafotidan keyin uning 224 million funt sterlinglik mulki Gyunter III ovcharkasiga o‘tdi. Gyunter III o‘limidan keyin meros Gyunter IV ga qoldi. It ilgari Madonnaga tegishli bo‘lgan hashamatli villada yashaydi, kabrioletda Mayami bo‘ylab sayohat qiladi va orollarda dam oladi.

2006 yilda millioner ayol Kenmor grafinyasining qizi Patritsiya OʼNil mulkining asosiy qismi, shuningdek Janubiy Afrikadagi yerini shimpanzega vasiyat qildi. Qolganini esa it va mushuklarga. Kaluni yoqtirmagan grafinyaning turmush o‘rtog‘i esa hech nima olmasligi kerak edi. OʼNil maymunni Kongodan olib kelgan, noma'lum kishi tomonidan daraxtga bog‘langan jonivorning hayotini saqlab qolgan.

Kaluning taqdiriga dunyodagi eng badavlat maymunga aylanish yozilmagan ekan: 2010 yilda Patritsiya OʼNil moliya firibgarlarining qurboniga aylandi va inqirozga uchradi. Avvalgi million dollarlik mulkdan bor-yo‘g‘i 100 ming funt qoldi.

Tillarang retriverlar Lyuk va Leyla, koker-spaniyel Sedi va springer-spaniyel Sanni hamda Loren amerikalik teleboshlovchi Opra Uinfriga tegishli. Opra ijtimoiy tarmoqlarga ularning suratlarini muntazam ravishda joylashtirib boradi. Ularga 30 million dollar miqdoridagi alohida jamg‘arma ham ajratgan.