Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish. davlat mulki bo‘lgan bo‘sh turgan sport obektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda sport inshootlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va trener kadrlarni rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida qabul qilindi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qurilish vazirligi. Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining:
davlat mulki bo‘lgan bo‘sh turgan sport obektlarini investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan belgilangan tartibda xususiy investorlarga berish;
xususiy sherikning mulki negizida tashkil qilingan sport obektlarining holatini yaxshilashga ko‘maklashishni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.
Belgilanishicha:
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarida davlat sherigi hisoblanadi;
davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalariga ko‘ra tuziladi.
Nizomga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
nodavlat sport inshootlarini qurish va foydalanish uchun yerni bepul berish (30 yilga);
davlat sport inshootlarining foydalanilmayotgan qismini bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga o‘tkazish (30 yilga);
mavjud davlat sport inshootlarini qayta qurish va jihozlash (30 yilga);
keyinchalik beg‘araz yordam ko‘rsatish sharti bilan sport inshootlarini qurish uchun yerni bepul berish (20 yil va undan ortiq davrga);
konsessiya asosida qurish, qayta qurish va jihozlash uchun yer yoki bino ajratish;
xususiy sport inshootlarini moddiy-texnik va moliyaviy ta'minlash.
Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarni tuzish bo‘yicha 5 kishilik tanlovlarni o‘tkazish komissiyasi tuziladi.
Tanlov boshlanishidan 30 kun oldin Internet tarmog‘ida va rasmiy saytlarda bu haqda e'lon beriladi.















