Iqtisodiyotining rivojlanishi va aholining farovonligini ta'minlashda bozorlar muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham respublikamizning turli hududlari, shahar va tumanlarida zamonaviy bozorlar qurilmoqda. Albatta, tadbirkorlarning barqaror faoliyat yuritishida va o‘z biznesini rivojlantirishda ham bozorlar muhim o‘rin tutadi.
Tadbirkor umid bilan yangi qurilayotgan zamonaviy bozordan do‘kon xarid qilsa, ammo bir necha yil o‘tib ham faoliyatini boshlay olmasa-chi? Bu uning tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.
Kun.uz tahririyatiga ana shunday holatga tushgan tadbirkorlardan kelgan murojaat asosida Buxoro shahrida shu mazmundagi masalani o‘rgandik.
«2015 yil 13 fevralda shahar hokimligida o‘tkazilgan tanlov savdolarida «Mustaqillik» ko‘chasida qurilishi belgilangan buyum savdo majmuasidagi do‘konlar yer uchastkalari sotildi. Men rahbarlik qilayotgan korxona ham tanlov g‘olibi deb topilib, 5ta yer uchatskasini sotib oldik. O‘sha payti 30 million so‘mdan pul to‘ladik (o‘sha vaqtda bu summa 10 ming AQSh dollarini tashkil qilgan). Ammo mana qariyb besh yilga yaqin vaqt o‘tayaptiki, bu savdo majmuasi faoliyati yo‘lga qo‘yilmaydi. Mablag‘larimiz ham shuncha vaqtdan buyon muzlab turibdi. Bu holatdan ko‘pgina tadbirkorlar norozi. Qurilish tashkiloti haligacha ishlarni yakuniga yetkazmay, paysalga solmoqda. Qurilish ishlari yakuniga yetgan deyishadi, ammo hali kamchiliklari ko‘p, ishlar sifatsiz olib borilgan. Savdo majmuasi atrofi hanuz obodonlashtirilmagan. Buxoro shahar hokimligi mutasaddilari bu borada zarur choralarni ko‘rmayapti. Bu esa tadbirkorlik faoliyatimizga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda», – deydi tadbirkor Shuhrat Karimov.

Ushbu e'tirozlar asosida yangi qurilgan savdo majmuasini ko‘zdan kechirdik. Bir qarashda kishida qurilishi yakuniga yetkandek tasavvur uyg‘otsa-da, majmua ichidagi do‘konlarda hali kamchiliklar bor. Do‘konlarning eshiklari hali to‘liq o‘rnatilmagan. Tadbirkor aytganidek, qurilish sifatsiz olib borilgan. Hali ishga tushmagan do‘konlarning ayrimlarining devorlari ko‘chib tushgan, yog‘ingarchilik vaqtlari ayrimlarining tomidan chakka o‘tganini ko‘rish mumkin. Savdo majmuasi atrofi asfaltlanmagan va tegishli obodonlashtirish ishlari olib borilmagan.






















