Jahon | 09:27 / 05.03.2019
21848
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya ba'zi islom davlatlarini “qo‘rqoqlik qilish va zaiflik”da ayblab chiqdi

Foto: Anadolu Agency

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lu AQSh va Isroil bosimidan xavotirlanayotgan bir qator islom davlatlari Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha ehtiyotkor pozitsiyani egallayotganini aytdi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar berdi.   

“Men hozir AQSh emas, islom davlatlari haqida gapirmoqdaman. Nahotki bu davlatlar zimmasiga Al-Quds maqomini himoya qilish yuklangan? Jahon hamjamiyati oxirgi ikki yil BMT Bosh assambleyasi va Islom hamkorlik tashkiloti yig‘ilishlarida AQSh va Isroil siyosatini qabul qilmasligini namoyish qilgan vaqtda, bir qator islom davlatlari qo‘rqoqlik va zaiflik namoyish qildi”,  deb aytgan turk vaziri. 

Uning ta'kidlashicha, ba'zi islom davlatlari falastinliklarga hattoki o‘z qonuniy huquqlari haqida gapirmaslikni taklif qilishmoqda.

Chovusho‘g‘lu tushunarli sabablarga ko‘ra bu islom davlatlarini sanab o‘tmagan. U nazarda tutayotgan davlatlar qatorida arab olamining ikki yetakchi davlati – Misr va Saudiya Arabistoni borligini taxmin qilish mumkin. Chunki Anqaraning Qohira va Ar-Riyod bilan munosabatlari ayni vaqtda bir nechta sabablarga ko‘ra chuqur inqirozni boshdan kechirmoqda. Bu sabablardan biri arab olamining eng yirik respublikasi va monarxiyasining Al-Quds maqomi masalasida, Turkiya fikricha, “taslimchilik” pozitsiyasi hisoblanadi. 

2017 yil 6 dekabrda AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olishini va u yerga elchixonasi ko‘chirilishini e'lon qilgandi.

Shundan 3 kun o‘tib Arab davlatlari ligasi Qohirada 9 dekabrda o‘tgan yig‘ilish natijalariga ko‘ra poytaxti Sharqiy Al-Qudsda bo‘lgan Falastin davlatining xalqaro tan olinishiga chaqirgan.

Islom hamkorlik tashkilotining Turkiya tashabbusi bilan 13 dekabrda shoshilinch chaqirtirilgan sammitining natijaviy rezolyutsiyasida Sharqiy Al-Quds Falastin davlati poytaxti deb e'lon qilingandi.

Mavzuga oid