Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun investorlarga subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan mablag‘ ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, investorlar tomonidan mehmonxona toifasi tasdiqlangach yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarining bir qismi subsidiya hisobidan qoplanadi.

Bunda subsidiya ajratish uchun mehmonxona 2022 yil 1 yanvargacha foydalanishga topshirilgan bo‘lishi lozim.

Investorlar xarajatlarining bir qismini Davlat budjetidan moliyalashtirish miqdori nizom kuchga kirgan vaqtdan boshlab qo‘shimcha ravishda yangidan tashkil etilayotgan mehmonxona xonalari soni 50 mingtaga yetguniga qadar amal qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi har chorak yakuni bilan qo‘shimcha ravishda yangidan tashkil etilayotgan mehmonxona xonalari hisobini yuritadi va Moliya vazirligiga taqdim etadi.

Investorlar va tashkilotlar Davlat budjetidan subsidiya olishi yoki qisman moliyalashtirilishi uchun quyidagi talablarga javob berishi shart:

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi bo‘lmagan;

qayta tashkil qilish, bankrotlik va tugatish jarayonida bo‘lmagan;

Davlat budjetidan me'yoriy-huquqiy hujjatlar asosida moliyaviy ta'minot va xarajatlarni qoplash maqsadlariga mablag‘ jalb qilmagan.

Subsidiyalar investorlarga yangidan qurilgan mehmonxona quyidagi talablarga javob berganda ajratiladi:

kamida 3 yulduzli toifa uchun 50 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega mehmonxona;

kamida 4 yulduzli toifa uchun 100 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega mehmonxona.

Subsidiyalar Qo‘mita tomonidan mehmonxona toifasi tasdiqlangach quyidagi miqdorlarda bir marotaba:

kamida 3 yulduzli toifa hamda 50 va undan ko‘p xonalarga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so‘m;

kamida 4 yulduzli toifaga hamda 100 va undan ko‘p xonalar ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million so‘mdan ajratiladi.