Bangladesh, Pokiston va Hindiston eng ifloslangan havoga ega davlatlar, Avstraliya, Finlyandiya hamda Islandiya esa eng toza havoga ega mamlakatlar deb topildi. Bu haqda AirVisual tashkiloti xabar bergan.
O‘zbekiston 2018 yilda eng ifloslangan havoga ega davlatlar reytingida 16-o‘rinni egalladi. Reyting havo sifatini monitoring qilish bilan shug‘ullanuvchi AirVisual xalqaro tashkiloti tomonidan tuzildi.
O‘zbekiston reytingda sariq rang bilan belgilangan davlatlarga yetakchilik qilgan. Bu shuni anglatadiki, havodagi zararli moddalar miqdori qoniqarli darajada, biroq ifloslangan havoga sezgir bo‘lgan kishilar o‘z salomatligi haqida qayg‘urishi lozim. Mintaqaning boshqa davlatlaridan reytingga Qozog‘iston kirdi, u 20-pog‘onadan joy oldi. Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlar reytingda qayd etilmagan.
MDH davlatlaridan Litva 42-o‘rinda, Ukraina - 49, Rossiya - 58-pozitsiyada.
Reytingda Bangladesh, Pokiston hamda Hindiston yetakchilik qilyapti - bu mamlakatlar eng ifloslangan havoga ega; eng tozasi - Avstraliya, Finlyandiya va Islandiyada.

Reyting tuzuvchilarining ta'kidlashicha, har yili havo ifloslanishi tufayli taxminan 7 mln kishi vafot etadi, shuningdek, bu holat jahon iqtisodiyotiga har yili 225 mlrd dollarlik zarar yetkazadi.
Tadqiqotda hammasi bo‘lib butun dunyo bo‘ylab 3 000 shahar qamrab olindi. Ulardan 64 foizida RM 2.5 ifloslanishning maksimal cheklangan darajasi oshgan holda qayd etilgan. Xususan, Janubiy Osiyodagi shaharlarning 99 foizida, Janubi-Sharqiy Osiyoda - 95 foiz hamda Sharqiy Osiyoda 89 foiz shaharlarda atmosfera holati yomon ekani aniqlandi.















