Angliya Premer-Ligasi 29-turidan so‘ng musobaqa peshqadami o‘zgardi. Uzoq vaqt yetakchilik qilib kelgan «Liverpul» hamshahari «Everton» bilan durang o‘ynagach, ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Angliyaning eng sovrindor ikki klubidan biri bo‘lgan «Liverpul» 29 yildan buyon Angliya chempioni bo‘la olmaydi. Bu orada Chempionlar Ligasi, UYeFA Kubogi va Yevropa Superkubogida g‘olib bo‘lgan jamoaga negadir ichki chempionatda omad kulib boqmayapti.
Angliyada futbolda pul asosiy narsa emas, deb o‘rganishgan. O‘zlarining «old skul»larini qadrlaydigan inglizlar katta pullar evaziga paydo bo‘lgan klublarni xushlamasliklari ham bor gap. Shunday bo‘lsa-da, arab kapitali evaziga yangi davrga qadam qo‘ygan «Manchester Siti» APLda g‘olib bo‘ldi. Keyinchalik omadsizlik ramziga aylangan «Arsenal» ham nolinchi yillar boshida Venger bilan uch marta Premer-Ligani yutgandi. Rus kapitalisti oyoqqa turg‘izgan «Chelsi» muntazam chempion bo‘lib keladi, «MYu» ser Aleks vaqtida Premer-Ligada g‘olib bo‘laverib zerikib ketgandi. Orada bir mavsum oldin zo‘rg‘a ligada jon saqlab qolgan «Lester» ham chempion bo‘ldi, lekin albionning eng sevimli jamoalaridan biri «Liverpul» hech chempion bo‘la olmayapti. Nimaga axir?!
Klopp kelgach ancha kuchaygan «Liverpul» joriy mavsumda ikkinchi o‘rindagi «Siti»dan 7 ochko ilgarilab ketganida, muxlislar ana endi chempionlikni hech kimga bermaymiz deyishgandi. Lekin 7 ochkolik farq yo‘qqa chiqib, yana «Siti» yetakchiga aylandi. Nahot «Liverpul» yana Angliya chempioni bo‘la olmasa? Klopp va yigitlariga yana nima yetishmayapti?
Boshdan baland sakrash...

Yurgen Kloppning «Liverpul»ga kelishi nafaqat «Liverpul» va Angliya futboli uchun, balki butun dunyo futboli uchun yaxshi o‘zgarish bo‘ldi. Chunki Klopp muxlislar ko‘z o‘ngida juda yoqimtoy va hech kimdan qo‘rqmaydigan jamoani tashkil qildi. Kloppning har bir mavsumida progress sezilmoqda. 2016 oktyabrda «Liverpul»ni qabul qilib olgan Yurgen jamoani haqiqiy «bezori»ga aylantirdi. Chempionatda 8-o‘rin bilan kifoyalangan «Qizillar» Yevropa Ligasida finalgacha yetib borishdi. Biroq hal qiluvchi o‘yinda «Yevropa Ligasining «Real»iga aylangan» «Sevilya» Kloppning «bezori yigitlarini» mag‘lub etadi.
Keyingi mavsumda esa (2017-18 yilgi mavsumda) «Liverpul» APLda katta qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, to‘rtlikka kirdi. Kloppning «Liverpul»dagi hozircha eng katta natijasi esa Chempionlar Ligasida qayd etildi. Jamoa finalgacha yetib bordi. Tan olish kerak, «Liverpul»ning finalga yetib borishi katta sensatsiya bo‘ldi. Hatto Angliyada ham ko‘pchilik Klopp jamoasining finalgacha borishini kutmagandi. «Qizillar» chorak finalda APLning bo‘lajak chempioni «Manchester Siti»ni mag‘lub etishgani esa jamoa muxlislariga ikki hissa zavq bag‘ishladi.


















