«Maktablarda ta'lim sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi omillar qaysi?» savoli bilan o‘tkazilgan so‘rovnomada o‘zini pedagog sifatida tanishtirgan respondentlarning biri «53 foiz sinflarda o‘quvchilar sonining haddan tashqari ko‘p»ligini sabab qilib ko‘rsatdi.

Umumta'lim maktablarida har bir sinfda 30-35 nafardan o‘quvchi tahsil olayotganini kuzatish mumkin, markaziy tuman va shaharlarda, ayniqsa, Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 45-50 nafar o‘quvchiga yetib boradi.

Me'yor qancha bo‘lishi kerak?

Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi «Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan ortmasligi belgilangan. 

Hujjatga ko‘ra, namunaviy loyiha bo‘yicha qurilmagan, moslashtirilgan binolarda hamda o‘quvchilar soni yetarli bo‘lmagan, olis tog‘li hududlarda joylashgan, ta'lim o‘zbek tilida olib borilmaydigan maktablarda o‘quvchilar soni sinflardagi mavjud shart-sharoitdan kelib chiqib belgilanadi.

O‘quvchilarning o‘zlashtirishi birmuncha qiyin bo‘lgan fanlar ─ chet tili, informatika, qiz bolalar va o‘g‘il bolalar uchun o‘quv dasturlari ikki xil bo‘lganligi uchun mehnat, jismoniy tarbiya fanlari 2 guruhga bo‘lib o‘qitiladi. Malakali o‘qituvchilar yetarli bo‘lganda o‘quvchilar soni 25 nafar va undan ziyod bo‘lgan umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining I-XI sinflarida «Chet tili» fani,V-XI sinflarda «Informatika» va «Mehnat ta'limi» (Texnologiya) ikki guruhga bo‘lib o‘qitish belgilangan.

45 daqiqada 45 nafar o‘quvchini qamrab olish mumkinmi?

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 140-son qarori bilan tasdiqlangan ​«Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risida​»​gi nizom hamda belgilangan sanitar me'yorlari va qoidalariga muvofiq dars mashg‘ulotining davomiyligi 45 daqiqa etib belgilangan.

Soha mutaxassislari tomonidan dars mashg‘uloti uchun ajratilgan 45 daqiqa vaqt quyidagicha taqsimlanishi tavsiya etilgan:

1. Tashkiliy qism (3 minut)

2. O‘tilgan mavzuni takrorlash (7 minut)

3. Yangi mavzuni tushuntirish (15 minut)

4. Yangi mavzuni mustahkamlash (10 minut)

5. O‘quvchilarni baholash (7 minut)