Dam olish kunlari Italiya chempionatida 27-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha voqealar yuz berdi.

«YuVeNTUS» «YaNGI BALOTeLLI» GOLLARI EVAZIGA YIRIK HISOBDA G‘ALABA QOZONDI

«Yuventus» o‘z maydonida «Udineze»ni qabul qildi. Massimiliano Allegri Chempionlar Ligasidagi «Atletiko»ga qarshi muhim o‘yindan oldin, jamoa yetakchilariga dam berishga qaror qildi. Ammo mezbonlar zaxira futbolchilari bilan ham 4:1 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritishdi.

19 yoshli hujumchi Moyze Kin o‘yinning qahramoniga aylandi. «Yangi Balotelli» laqabini olgan iqtidor tanaffusgacha u ikki marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi. 11-daqiqada Sandro to‘pni jarima maydoniga yetkazganida, Kin bir urinishda uni darvozaga kiritdi. 39-daqiqada jarima maydoniga yorib kirib, kuchli zarba bilan to‘pni darvozaga yo‘lladi. Ikkinchi bo‘limda esa penalti ishlab oldi. Jan uni aniq amalga oshirib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Oradan biroz o‘tgach, Matyuidi o‘ziga xos bo‘lmagan uslubda boshi bilan gol urdi. Shundan so‘ng, mezbonlar xotirjamlikka berilishdi. «Udineze» esa o‘yin oxirida bir gol urib qolishga muvaffaq bo‘ldi. 

Bu natijadan so‘ng, «Yuventus» 75 ochko bilan 1-o‘rinda, «Udineze» esa 25 ochko bilan 15-o‘rinda bormoqda.

Yuventus – Udineze 4:1 (2:0, 2:1)
8 mart, «Alyans Stedium»
Gollar: 1:0 – 11 Kin, 2:0 – 39 Kin, 3:0 – 67, penalti Jan, 4:0 – 71 Matyuidi, 4:1 – 84 Lazanya.
Yuventus – Shchensni, Kaseres, Bardzali (Bonuchchi, 25), Rugani, Spinatssola, Jan, Bentankur, Aleks Sandro, Bernardeski, Matyuidi (Dibala, 72), Kin (Nikolussi-Kavilya, 80).
Udineze – Musso, De Mayo, Trost-Ekong, Nyuytink (Opoku, 25), ter Avest (Sandro, 62), Larsen, Uilmot (Lazanya, 46), Fofana, Zegelar, Pussetto, de Paul.
Ogohlantirishlar: Larsen (27), Pussetto (50), Opoku (53).

TAQDIRGA TAN BeRGAN «NAPOLI» SAFARDA DURANG O‘YNADI

«Napoli» safarda «Sassuolo» bilan o‘ynadi. Neapolliklar chempionlik uchun kurash allaqachon tugab bo‘lganini tushunib yetishdi shekilli, mehmonga zaxira tarkibi bilan yetib borishdi. Anchelotti bir qancha yetakchilar – Ruy, Xyusay, Kalexon, Zelinski, Ruis va Milikni zaxira o‘rindig‘ida qoldirdi.