Joriy yilning 11–17 mart kunlari Toshkent shahrida Hasharweek ekologik haftaligi o‘tkaziladi. Bu haqda haftalikning ochilish munosabati bilan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.
Chiqindi hosil bo‘lishini minimallashtirish masalasiga hukumat, nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolarning e'tiborini qaratish, chiqindilarni saralash madaniyatini shakllantirish maqsadida ilk marotaba tashkil etilayotgan mazkur loyiha doirasida aholi uchun qiziqarli ma'ruzalart taqdim etilishi, fotoko‘rgazmalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
«Mazkur haftalikni an'anaviy tarzda bo‘lganidek, ko‘chalarni tozalash, ko‘chat o‘tkazish tartibida ham qilish mumkin edi. Lekin biz boshqacha yo‘lni tanladik. Haftalikning asosiy maqsadi odamlarda ekosavodxonlikni shakllantirish, chiqindilarni to‘g‘ri saralash tartibi va buning ahamiyati haqida tushuncha berish hisoblanadi.
Bir hafta yoppasiga hamma joyni tozalasak, nima bo‘ladi? Bir-ikki kundan keyin yana hammasi o‘z holiga qaytadi. Shu bois odamlarni tozalashga undash emas, toza tutish haqida ko‘nikma shakllantirish kerak», — deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi rahbari Bahrom Qo‘chqorov.

Loyiha muallifi, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti ma'ruzachisi Suna Parkning so‘zlariga ko‘ra, tajriba-sinov loyiha tarzida amalga oshirilayotgan mazkur haftalik keyinchalik ham muntazam ravishda o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
«Loyihani respublikaning boshqa hududlarida ham tashkil etishni rejalashtiryapmiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ma'lum qilinishicha, haftalik davomida harakatlar, ma'rifat, san'at va biznes yo‘nalishlari bo‘yicha tadbirlar olib boriladi.
Harakatlar #HasharWeekGo:
– barcha tashkilotlar, muassasalar guruh tarzida yoki fuqarolar yakka tartibda chiqindilarni plastik, qog‘oz, shishaga ajratib saralashlari va maxsus punktlarga topshirishlari mumkin.
Buning uchun hasharweek.uz saytidan mobil ilovani yuklab olish, ro‘yxatdan o‘tish hamda poytaxt bo‘ylab mavjud 21ta chiqindi qabul punkti haqida ma'lumot olib, o‘z hududidagi punktga topshirish kerak bo‘ladi.








