"Prezidentimiz Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil qilish jarayonida sport sohasidagi eng muammoli nuqtalar - ilmiy tadqiqotlar, metodika, sportchilarni tayyorlashga yangicha yondashuvlarga alohida e'tibor qaratganlar. Sportni rivojlantirishga doir besh yillik dasturga asosan, joriy yildan boshlab Jismoniy tarbiya va sport universiteti qoshida maxsus Ilmiy tadqiqot markazi tashkil qilinadi", - deydi vazir.

Dilmurod Nabiyevning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy davlatining shunga doir tajribasi bilan yaqindan tanishib qaytgan. Endilikda xitoylik mutaxassislar O‘zbekistonga taklif etiladi va Ilmiy tadqiqot markazining ichidagi jihozlaridan tortib to normativ-huquqiy hujjatlargacha ular bilan birga tuziladi.

"Ilmiy tadqiqot markazi 2020 yildan o‘z faoliyatini boshlaydi. O‘ylaymanki, bu kelajakda o‘z samarasini beradi, zero bunda sportchilarni tayyorlashda dunyoda eng keng tarqalgan va yaxshi natijalarni qayd etayotgan uslublar qo‘llanadi", - ta'kidlaydi u.

Eng yaxshi natija bergan ilmiy tadqiqotlar kelgusida federatsiyalar va sportchilarni tayyorlash jarayonlariga tatbiq etiladi.