«Muxbir aka, 20 yanvardan beri ahvol shu. Elektr tarmoqlari rahbari «Bu simyog‘och va transformator mening balansimda emas, tuzatish meni vazifamga kirmaydi», deydi. Tuman hokimi o‘rinbosariga borsak, avval va'da berib, keyin: «Hadeb telefon qilavermang. Shundoq ham, ishimiz ko‘p» deya gapni qisqa qilsa... Kimga boraylik?». Fuqarolar tomonidan kelgan mana shu muammo ortidan Asakaga bordik.  

Ba'zida mahalliy hokimiyat va tarmoq rahbarlarining aholi tomonidan qilingan oddiy murojaatga ham bee'tibor bo‘lishini ko‘rib hayron qolasiz. Nahotki, jamiyatimizdagi bugungi o‘zgarishlar ularning yelkasiga mas'uliyat yukini yuklamayotgan bo‘lsa? Axir, har qanday rahbarga eng avvalo xalq xizmatini qilish uchun ma'lum bir mas'uliyatli vazifa yuklangan.

Andijon viloyati, Asaka shahridagi Guliston ko‘chasiga borganimizda bizni Ergashobod, Ibn Sino, Bo‘ston mahallalarining «Zarbdor Yangichek», «Shohimardon» va «Ziyokor» ko‘chalarida yashovchi aholi vakillari kutib turishgan ekan.

Muammo shundaki, mazkur ko‘chalarga suv tortuvchi qurilmalarga elektr yetkazib beruvchi transformatorga ulangan simyog‘och 20 yanvar kuni qulab tushgan. Suv tortish inshooti elektrdan uzilgach, mahallalardagi 300 chog‘li xonadon ichimlik suvisiz qolgan.

Qiziq masala, mazkur transformator va simyog‘och mahalla aholisi tomonidan o‘z mablag‘lariga ko‘p yillar oldin o‘rnatilgan ekan. «Yonboshlab» qolgan simyog‘ochni darrov xavfsiz holga keltirish va o‘rnatish suv nasoslari turgan xonani ta'mirlash va yana ulab aholi muammosini hal qilish kerak edi.  

 Muammoning eng yomon holatli tomoni, simyog‘och ag‘anaganda suv nasoslari o‘rnatilgan binoning bir tarafi ariqqa og‘ib ketgan. Bino ichidagi javonda va uning atrofidagi simlarda 6 ming volt elektr borligi juda xavfli holatdir.

 Agar avariya holatidagi xona va javonga biror yosh bola ehtiyotsizlik bilan kirib qolsa, falokat yuz berishi xavfi mavjud.

Simyog‘och qulab tushgan kuni mahalla faoli, tadbirkor yigit Azizbek Isaqov avval tuman elektr tarmoqlari rahbari Xurshid Yuldashevga uchraganini aytdi.