Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Energiya tejamkor va zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda respublikada import o‘rnini bosuvchi bazalt asosidagi armaturalar, shisha tolali kompozit armaturalar va trubalar, g‘o‘zapoya va qamish asosidagi plitalar, ko‘pikbeton, gazbeton va polistirolbetonlar, issiqlikni izolyatsiyalovchi materiallar, energiya samarador isitish qozonlari va uskunalari, quyosh suv isitish uskunalari ishlab chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar tahlil qilinganda, bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan:
          
birinchidan, energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va uskunalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlar mavjud emas;
          
ikkinchidan, shaharsozlikda obektlarni loyihalashtirish va qurish davomida ularni qo‘llashda ratsionalizatorlik ishlari uchun loyiha tashkilotlariga, buyurtmachi vazifasini bajaruvchi injiniring kompaniyalariga hamda qurilish-pudrat tashkilotlariga imtiyozlar va preferensiyalar qo‘llanilmaydi;
          
uchinchidan, yangi turdagi qurilish mahsulotlarini shaharsozlik ishlarida loyihalashda ruxsat beruvchi me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqish talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan;
          
to‘rtinchidan, qurilish tarmog‘idagi ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnika bazasi yetarli darajada rivojlanmagan, laboratoriya uskuna va jihozlari ma'nan va jismonan eskirgan, konstruktorlik byurolari va sinov laboratoriya hamda poligonlarini yo‘qligi esa yangi turdagi ilmiy va murakkab mahsulotlar namunalarini tayyorlash hamda fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini sifatli o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Hujjat loyihasida aytilishicha, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda faoliyat yuritayotgan barcha qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va uskunalarini ishlab chiqarish quvvatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar bazasini shakllantiradi.