Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanining tog‘ yon bag‘rida joylashgan, so‘lim "Qaynar" qishlog‘i hududida Navro‘z bayrami arafasida xalqaro ko‘pkari va milliy xalq o‘yinlari musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Musobaqa doirasida milliy kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, qo‘chqor, xo‘roz urishtirish kabi milliy xalq o‘yinlari ham o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan yurtimiz polvonlari va mohir chavandozlari Kitob tumani Qaynar qishlog‘i yaqinidagi kengliklarda jam bo‘lishdi.




Maydonda or-nomus, g‘urur talashish polvonlarning qonida bor. O‘zbek yigiti bolaligidan bilagiga kuch, boshiga aql yig‘adi. Xalqimizda ot minishga, ko‘pkari tomosha qilishga qiziqmagan yigit kam bo‘lsa kerak.

Ko‘pkari oddiy ko‘ngilochar o‘yin emas, u erni er qiladigan, mardlik, jasurlik, epchillik va dovyuraklikni shakllantiradigan jiddiy mashg‘ulot. Asosiy masala sovringa qo‘yilgan qimmatbaho narsa emas, aksincha, bakovulning adolati, nomdor chavandozning abjirligi, haqiqat g‘alaba qozonishi, omad doim mardniki bo‘lishidir.

Ko‘pkari o‘yini ham murosasiz olishuvlarga boy bo‘ldi. Prezident sovrini uchun Markaziy Osiyo davlatlari, qo‘shni Afg‘oniston chavandozlari ham ot choptirgan ko‘pkarida shahrisabzlik Sirojiddin Jovliyev “Fonar” laqabli oti bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “Jentra” avtomobilini mukofot sifatida qabul qilib oldi.


Kurash musobaqasida esa g‘uzorlik Sherali Jo‘rayev mutlaq vazn toifasida g‘olib chiqib, bosh sovrin - "Spark" avtomobilini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, kurash bo‘yicha ayollar o‘rtasida ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.















