AQShda 2016 yil bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga Rossiyaning ehtimolli aralashuvi borasidagi surishtiruv ishlari Amerikaning joriy rahbari Donald Tramp foydasiga nihoyalangan. Ishni olib borgan maxsus prokuror Robert Myuller o‘z ishi yakunlarini mamlakat bosh prokuroriga topshirgan, deb yozadi BBC.

Hisobotning mazmuni esa hozircha sir saqlanmoqda.

Tramp ma'muriyati ham ularga hozircha hujjat bilan tanishish imkoni berilmaganini ta'kidlashmoqda.

Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashuvi borasida qariyb ikki yil davom etgan surishtiruv ishlari yakunlangani haqida AQSh adliya vaziri hamda bosh prokurori Uilyam Barrning senat va vakillar palatasining yuridik qo‘mitalariga yozgan xatidan so‘ng ma'lum bo‘ldi.

O‘z xatida Barr 22 mart juma kuni Myuller unga «maxfiy hisobot» taqdim etganini bayon etgan. Maxsus prokuror hisobotining mazmuni haqida xatda hech narsa deyilmagan.

Barrning ma'lum qilishicha, u maxsus prokurorning xulosalarini o‘rganib chiqadi va hisobotdagi asosiy xulosalarni shu dam olish kunlari ichida kongressning har ikki palatasi yuridik qo‘mitalari rahbarlariga yo‘naltiradi.

«Men bosh prokuror o‘rinbosari [Rod] Rozenshteyn va maxsus prokuror Myuller bilan alohida maslahatlashib, hisobotdagi axborotlarning qaysi qismi bilan qonunchilikka muvofiq tarzda kongress va afkor ommani tanishtirish mumkinligi borasida kelishib olmoqchiman, — degan Barr. — Men hamon imkon qadar shaffoflik tarafdoriman».

Myullerning hisoboti juma kuni tushdan keyin mazkur ishni nazorat qilgan bosh prokuror o‘rinbosari Rozenshteynning ofisiga keltirilgan, degan AQSh adliya vazirligi rasmiy vakili Kerri Kupek.

Adliya vazirligida maxsus prokurorning hisobotini «keng qamrovli» deb atashgan, lekin uning hajmini ham izohlashdan bosh tortishgan. Kupek, shuningdek, «sanoqli insonlar» hisobotni ko‘rishgani, birinchi navbatda bosh prokuror va uning o‘rinbosari u bilan tanishib chiqqanini ta'kidlab o‘tgan.

«Keyingi qadamlar — bosh prokuror Barrga bog‘liq, biz jarayon o‘z navbati bilan davom etishini kutamiz», — degan Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy Myullerning hisobotini olmagan va uning mazmuni bilan tanishtirilmagan ham.

Blumberg agentligi o‘zining prezidentga yaqin ikki manbasiga tayangan holda Adliya vazirligidan yangilik kelgan chog‘da Tramp Germaniya kansleri Angela Merkel bilan telefonda so‘zlashayotgan bo‘lganini ta'kidlagan.