8 aprelda Toshkentda har yilgi ADWEEK marketing va reklama haftaligi boshlanadi. Haftalik tadbirlari mobaynida marketing va reklama to‘g‘risida ko‘plab munozaralar va taqdimotlar o‘tkaziladi. Ushbu keng miqyosdagi tarmoq hodisasi arafasida tashkilotchilar www.adweek.uz saytiga kirganlarning eng ommaviy savollariga javob berishadi.

Nega ADWEEK haftaligi davomida bir vaqtda ikkita: marketing va reklama bo‘yicha konferensiya o‘tkaziladi?

Ko‘pchilikka ma'lumki, reklama – bu marketingning uzviy qismi bo‘lib, ularni ajratish doimo bahslarga sabab bo‘lgan. Ammo istalgan korxonaning marketing masalalarini fundamental darajada hal qiladiganlar tushunishadi: reklama bilan shug‘ullanishdan oldin bozorni o‘rganish, kompaniya imkoniyatlarini aniqlash va rivojlanish strategiyasini to‘g‘ri tanlash bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi. Reklama korxona marketing strategiyasini tatbiq etishning bir qismigina, xolos (u ham har doim emas). Lekin, shu bilan birga, saviyali reklama kampaniyasi bozorda muvaffaqiyatli o‘rin egallashning va sotuvlar jarayonining yadrosiga aylana olganiga ko‘pgina misollar mavjud.

Shu sababli marketing konferensiyasining dasturi ko‘proq biznesni, uning rivojlanish strategiyasini va brendning bozorda optimal o‘rin egallashi imkoniyatlarini o‘rganish masalalarini qamrab oladi. Reklama konferensiyasi esa, ushbu biznes-vazifalarni hisobga olgan holda, eng samarali kreativ yechimlarni yaratish masalalarini batafsil ko‘rib chiqadi. Zamonaviy dunyo konferensiya o‘tkazish tajribasi ham shunday taqsimlanish yo‘lini tutadi.

Nega bu yil ADWEEK konferensiyalarida qatnashish pulli?

Bepul va pulli konferensiyalar o‘rtasidagi farqqa batafsil to‘xtaladigan bo‘lsak, u asosan tashkilotchilar ko‘zlagan maqsadlarda ko‘rinadi. ADWEEK konferensiyalari tashkilotchilari uchun pullik ishtirok shakliga o‘tilishi ham dasturning o‘zi, ham konferensiya auditoriyasi shakllanishining yangi bosqichi bo‘ldi. Taklif etilayotgan kontent sifatini oshirish va xalqaro miqyosdagi ekspertlarni ma'ruzachi sifatida taklif etish vazifasini o‘z oldiga qo‘ygach, tashkilotchilar qarshisida yuksak motivatsiyalangan, olinadigan axborot va amaliy bilimlarning qadrini his etadigan auditoriya shakllanishi masalasi yuzaga keldi. Bunda konferensiyaga kirish narxi ramziy ko‘rinishda bo‘lib, marketing, reklama va umuman biznes sohasida faol ish yurituvchilar uchun hamyonbop sanaladi.