Bir do‘stim bor. «Inter»ning ashaddiy muxlisi. Mauro Ikardi porlab chiqqanda mana, Dzanettidan keyin endi sizlarda ham kiroyi yetakchi bor deganimda, Dzanetti bilan Ikardini taqqoslash mantiqsizlik ekanini aytgandi. Chindan ham, «Inter» muxlisi uchun Dzanettidan yaxshiroq futbolchi yo‘q. Axir Yevropaga kelgach, faqat «Inter»da o‘ynagan, butun faoliyatini shu klubga bag‘ishlagan Dzanetti qayoqda-yu, do‘stining xotinini bola-chaqasi bilan birga «olib qochgan» bezori qayoqda, to‘g‘rimi? Lekin bu nuqtai-nazar bilan qarash ham unchalik to‘g‘ri emasdek.
«Inter» Mauro Ikardidan sardorlik bog‘ichini olib qo‘ydi. 4 yildan buyon jamoa sardori bo‘lib kelayotgan futbolchi bu qarorni o‘zining hamiyatiga tegish deb qabul qildi. Maydondan tashqaridagi voqealar uchun futbolchini bu tarzda jazolash to‘g‘rimi? Quyida shu haqda mulohaza yuritamiz.
Avval «Inter» muxlislari nega Ikardini yomon ko‘rib qolishganini eslasak. 2014 yilda Ikardi Argentina milliy terma jamoasidagi va klubdagi do‘sti Maksi Lopesning xotini Vanda Naraga uylandi. U do‘stining xotini bilan oldindan uchrashib yurgani katta mojarolarga sabab bo‘ldi. Bu voqeadan keyin Ikardiga futbolchi sifatida emas, badaxloq sifatida qaray boshlashdi. Biroq Mauro o‘yindan-o‘yinga ochilib, 2014/15 yilgi mavsumda 27ta gol urdi.
Hujumchining samaradorligi jamoa o‘yiniga ijobiy ta'sir qilayotganini sezgan rahbariyat 2015 yil yozda sardorlik bog‘ichini 22 yoshli Ikardiga topshirdi. Bunga klubning muxlislari, ayniqsa «ultras» a'zolari (ashaddiy fanatlar guruhi, bunday muxlislar uchun futbolning uncha qizig‘i yo‘q. Ular o‘yinlar vaqtida olov yoqish va janjal chiqarish bilan band bo‘lishadi) bundan norozi bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, klub sardorlik bog‘ichini Andrea Ranokkiadan olib, Ikardiga topshirdi. «Inter» afsonasi Xaver Dzanetti 2014 yilda futboldan ketgach, sardorlik bog‘ichini aynan Ranokkiaga qoldirgandi.
Ikardi sardor bo‘lgach, uning o‘yini yanada ochildi. Uni asta-sekin yaxshi ko‘ra boshlashdi, lekin haligi muxlis deyishga arzimaydigan to‘da Ikardiga tosh otishda davom etdi. O‘yinlardan birida Mauro gol urib, uni nishonlash uchun muxlislar oldiga yugurib bordi. U yerda turgan bir bolakay Maurodan libosini so‘raydi. Ikardi libosini bolakayga berib, uni xursand qiladi. Biroq «ultras» safidan bittasi chiqib, bolaning qo‘lidan Ikardining kiyimini olib, uni futbolchiga qarab uloqtiradi. Shunda Mauro jahli bilan o‘sha muxlisni so‘kadi.
Ikardi bu voqeani o‘zining avtobiografiyasida keltirgach, unga bo‘lgan norozilik yanada kuchaydi. Stadionda har xil bannerlar paydo bo‘ldi. Ularda futbolchini haqorat qilishdi, tahqirlashdi. Lekin Mauro gollar urishda davom etdi. Ayniqsa Milan derbilarida Ikardining qahramon bo‘lishi odatga aylandi. Joriy mavsum avvalida ham «Inter» hamshahari «Milan»ni aynan Ikardining goli evaziga mag‘lub etdi. O‘sha gol urilgach, «Inter» uchun Ikardi derbi tarixiga kirdi. Ikardi Milan derbilaridagi «Inter»ning oxirgi 5ta goliga mualliflik qildi. Bunaqasini «ko‘k-qoralar» tarixidagi hech bir hujumchi eplolmagandi.















