Vazirlar Mahkamasining qarori bilan ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta'lim olishini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjatda qayd etilishicha, ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta'lim olishini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta'lim olishini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, iqtidorli o‘quvchilarni izlab topish hamda munosib rag‘batlantirish, ijtimoiy ehtiyojmand oilalarda tarbiyalanayotgan o‘quvchilarning uzluksiz ta'lim olishiga ko‘maklashish, ushbu toifadagi yoshlarning to‘g‘ri kasb tanlashi va kelajakda hayotini to‘g‘ri qurishiga yordamlashish ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta'lim olishini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirishning maqsadi hisoblanadi.
Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta'lim olishini moddiy va ma'naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yoshlar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hududiy idoralararo kengashlari tomonidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ta'lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkiloti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yozma tavsiyasi asosida amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hududiy idoralararo kengashlari ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarining uzluksiz ta'lim olishini rag‘batlantirishda quyidagi asosiy tamoyillarga amal qiladi:
ijtimoiy adolatga so‘zsiz rioya qilish;
oshkoralik va ochiqlikni ta'minlash;
ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini rag‘batlantirishni manzilli tarzda amalga oshirish yo‘li bilan shu maqsadlarga ajratilgan mablag‘lar, shuningdek boshqa vositalardan maqsadli va samarali foydalanish;
oila a'zolarining moddiy farovonligi, bolalarni tarbiyalash, ularni har tomonlama jismoniy, aqliy va ma'naviy-axloqiy kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ma'lumoti va kasb darajasini oshirish borasida oilaning mas'uliyatini kuchaytirish.

















