28-30 mart kunlari “Yoshlar ijod saroyi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamkorligida “Ta'lim va mutaxassislik” XX xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

Ko‘rgazma ta'lim va bandlik yo‘nalishlarida tashkil etilib, unda AQSh, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Latviya, Chexiya, Polsha, Angliya, Malayziya, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Kanada, Shveytsariya, Singapur kabi davlatlardagi 70 ga yaqin nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ularning O‘zbekistondagi filiallari, 40 dan ortiq O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta'lim muassasalari, 40 dan ortiq xorijda ta'lim olishga ko‘maklashuvchi tashkilotlar, nodavlat ta'lim muassasalari hamda o‘quv kurslari ishtirok etmoqda.

Dastlabki kun xalqaro ko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri Bunyodbek G‘ofurov va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig‘i Isomiddin Nuriddinov ochib berdi. Ular O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar o‘quv yurtlarida mavjud mutaxassisliklar bo‘yicha ta'lim olishning imkoniyatlari hamda qo‘shimcha hunar o‘rganish yoki malaka oshirish istagida bo‘lgan yoshlarga respublikamizda faoliyat olib borayotgan o‘quv markazlari to‘g‘risida qisqacha ma'lumot berishdi.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati boshlig‘i Syuzanna Vud, Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Jidra Liyepina, O‘zbekistonda Britaniya Kengashi direktori Reychel Aylend ko‘rgazmaning ahamiyati va unda yoshlarning ishtiroki haqida so‘z yuritdi.

— Hozirda 570 nafar o‘zbekistonlik talaba AQShda tahsil olmoqda. Biz ularning safini yanada kengaytirmoqchimiz. Chunki dunyoning bir qator nufuzli oliy ta'lim muassasalari aynan Amerikada joylashgan. Shu sababli, o‘zbekistonlik talabalarda bizning mamlakatda o‘qish ishtiyoqi baland, – deydi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati boshlig‘i Syuzanna Vud. — O‘zbekistondan o‘qishga borayotgan talabalar asosan, biznes, muhandislik va texnologiyalar bo‘yicha tahsil olishadi. Magistratura yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.




















