Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ vakillari bilan hamkorlikda narkotik moddalarning oldi-sotdisiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

«Tadbir davomida, fuqaro A.N.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada fuqaro o‘z uyini qimorxonaga aylantirib, u yerning o‘zida narkotik moddalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanayotgani ma'lum bo‘ldi. Mazkur xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, 3 dona gugurt qutilariga joylangan giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi», — deyiladi qo‘mita axborotida.

Ekspertiza xulosasiga muvofiq, olingan ashyoviy dalillar vazni 17,8 grammni tashkil etuvchi «marixuana» ekani tasdiqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergovgacha tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.