1922–1991. Bir avlod dunyoga kelib, kamolga yetishi mumkin bo‘lgan vaqt. Bu fursatda bir davlat ham tashkil topib, «bamaylixotir aylanayotgan Yer kurrasini o‘z o‘qidan chiqarib», qanday shiddat bilan tuzilgan bo‘lsa, xuddi shunday talato‘p bilan tanazzulga yuz tutishga ulgurdi. Ha, Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi tarixda uncha-muncha kuch o‘chira olmaydigan iz qoldirdi.
Sovet davri haqida o‘qilgan. Ko‘p va xo‘p so‘qilgan. Hafsala bilan kulrang bo‘yoqlarni chaplab o‘qilgan. «Kremlda o‘tgan yillarim» asarida sovet davri emotsional bo‘yoqdan xoli, xronologik tarzda tasvirlanadi. Tarix sahnasida o‘ynalgan eng shov-shuvli spektakl uni chetdan kuzatgan tomoshabin tomonidan emas, balki shu (melo)drama personajlaridan birining tilidan hikoya qilinadi. Tor doiralardagina ma'lum bo‘lgan axborotlar keltiriladi.
Memuar shaklidagi bu asarda so‘zlovchi o‘zi bevosita guvoh bo‘lgan, ishtirok etgan siyosiy jarayonlarni hikoya qiladi. Ular faktlar va raqamlar bilan asoslanadi.
Uch kitobdan iborat memuar asarning muallifi Nuriddin Akramovich Muhiddinov (1917-2008) O‘zbekiston sovet sotsialistik respublikasining siyosiy hayotida muhim rol o‘ynagan shaxs. KPSS Markaziy qo‘mitasi sekretari (1957-1961), O‘zbekiston kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi birinchi sekretari (1955-1957), KPSS Markaziy qo‘mitasi Prezidiumi a'zoligiga nomzod (1956-1957), O‘zSSR Ministrlar Soveti rahbari (1951-1953, 1954-1955), Toshkent viloyat kompartiyasi birinchi sekretari (1950-1951) kabi lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.
Trilogiyaning birinchi qismida Ikkinchi jahon urushidan Xrushchev iliqlik davriga qadar bo‘lgan yillar tasvirlanadi. Bunda uch asosiy voqea diqqatni tortadi.
«Xalqlar otasi»ning o‘limi
Levitan 1953 yil 5 mart kuni Iosif Vissarionovichning «o‘z ajali bilan vafot topgani»ni e'lon qiladi. Xalqlar otasining o‘limi tarixiy manbalarda shu bo‘yicha muhrlanadi. Muhiddinov esa bu fikrni shubha ostiga qo‘yadi.
«Vaqt tushga yaqinlashib qolgan bo‘lsa ham Stalinning xonasidan chiqmayotganidan xavotirlangan xizmatchilar Beriyaga qo‘ng‘iroq qiladi. U o‘zi Blijnaya dachaga yetib borgunga qadar hech qanday chora qo‘llamaslikni, hech kimga xabar bermaslikni tayinlaydi... Va kechga boribgina Malenkov bilan kirib keladi...»
Muallifning keltirishicha, og‘ir ahvolda yotgan Stalinning yotog‘ida shifokorlar bilan birga bo‘lgan xizmatchilardan birining yozganlari haligacha ochiq qolgan: «Shifokorlar qanaqadir kuchli ukol qilishdi. Stalinning tanasi qattiq silkindi. Oradan 10 daqiqa o‘tdi. Keyin bemor chuqur nafas oldi va joni uzildi...»
















