Ma’mura Qutliyeva farzandlariga haqiqiy namuna — u 1000 dan ortiq turli mavzudagi kitoblarni o‘qib tugatgan. Farzandlari uchun uyida kichik kutubxona tashkil qilgan. Opa-uka yosh bo‘lishiga qaramay 200 dan ortiq kitobni mutolaa qilib ulgurgan. Ular yaqinda IELTS imtihonini topshirib, birinchi urinishdayoq yuqori ballarni qo‘lga kiritdi. Bolalar ayni vaqtda 3 ta tilda erkin so‘zlasha oladi. Kun.uz muxbiri oilaning mehmoni bo‘lib, u yerdagi muhit, yosh kitobxonlarning maqsadlari haqida gaplashdi.
Bugungi kunda ko‘plab ota-onalar farzandlarini telefon va ijtimoiy tarmoqlardan ajratib, ilmga qiziqtirishni istaydi. Z (zed) avlod xarakteridan kelib chiqilsa, bilim olishni bolalarning o‘zi ichdan istamasa, ularni bu yo‘lga boshlash oson ish emas. Bunday sharoitda kimdir farzandini o‘qishga tergab majburlaydi, kimdir qo‘shimcha kurslarga yuboradi. Ammo Ma’mura Qutliyeva umuman boshqacha yo‘l tutdi – u o‘zi kitob o‘qidi, bilimni qadrladi va shu bilan farzandlariga namuna ko‘rsatdi.
Ayol har kuni tong va tunda mutolaa bilan vaqt o‘tkazib, bolalariga jonli misol bo‘ldi. Onaning kitobga mehri orqali bolalarda ham ilmga qiziqish uyg‘ondi. Bugunga kelib uning o‘smir yoshdagi farzandlari 200 dan ortiq asarni mustaqil mutolaa qilishga ulgurgan.
“Farzandlarimni kitobga qiziqtirish uchun ularni majburlashni istamadim. Chunki bolaga “o‘qi”, “bilim ol” deb qayta-qayta gapirishdan ko‘ra, amalda namuna ko‘rsatish kuchliroq ta’sir qiladi. Shu sabab har kuni mutolaa bilan o‘z ustimda ishlashni odat qildim. Ularga shaxsiy misol bo‘ldim. Meni ko‘rib, bolalarim ham o‘qishga qiziqa boshladi, vaqt o‘tib kitob o‘qish ularning eng sevimli mashg‘ulotiga aylandi. Uyimizda kitobxonlik muhiti shakllandi. Hozirda har birimiz o‘qigan asarimizni birga muhokama qilamiz, fikr almashamiz. Bu jarayon bilimimizni boyitadi, oilaviy mehr-muhabbatni ham mustahkamlaydi. Bolalarim kitobga shunday qattiq bog‘langanki, biror bayramda nima sovg‘a qilaylik deb so‘rasak, faqat kitob talab qilishadi”, – deydi Ma’muraxon Qutliyeva.
Avgust oyida uning 6- va 7-sinfda o‘qiydigan farzandlari IELTS imtihoni topshirib, birinchi urinishdayoq 8 va 8,5 ballni qo‘lga kiritdi. Bolalar imtihonga tayyorgarlik jarayoni haqida gapirar ekan, yaxshi natijaga erishishlarida oilasida bilim olish uchun hozirlangan qulay muhit va ota-ona quvvatlovi katta yordam berganini ta’kidladi.
“Ingliz tilini o‘rganishni 1-sinfdan boshlaganmiz. IELTS’ga ikki yildan buyon tayyorlanamiz. Boshida umuman qiziqmagandim, bu sertifikatning nima uchun kerakligi, kelajakda menga qanday imkoniyatlar berishi mumkinligini bilganimdan keyin o‘zim xohlab o‘rgandim. Ertalab soat 07:00-08:00 dan 23:00 gacha, ba’zan undan ham kech qolib ketardik qo‘shimcha kurslarda. Biroq ota-onam bizni doim tushunib, har tomonlama o‘qishga rag‘batlantirishdi. Uy ishlariga ham deyarli jalb qilishmasdi. Yuqori ball olish uchun ertalabdan kechgacha boshqa narsalarga chalg‘imay, faqat tayyorlandik
















