Toshkent shahrida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona 24/7, ya’ni uzluksiz ishlash tartibini vaqtincha to‘xtatdi. Kun.uz bunga qanday munosabatda ekanini bilish uchun kutubxona foydalanuvchilari, kitobxon va talabalarga mikrofon tutdi.
20 oktyabrdan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi 24/7 tartibida ishlashni vaqtincha to‘xtatdi. Kun.uz o‘tkazgan kichik so‘rovnomada kitobxonlar kutubxonaning tun-u kun ishlash tartibiga haliyam ehtiyoj ko‘pligi, ayniqsa, qishda har doimgidan ko‘proq talab borligi haqida aytishyapti.
"Bu adolatsiz qaror bo‘ldi. Chunki kutubxona uchun budjet hisobidan uncha ko‘p pul ajratilmaydi, deb o‘ylayman. Lekin shuncha odam undan foydalanyapti. Kutubxona foydani ko‘zlab qilinadigan tashkilot bo‘lmasligi kerak", – deb hisoblaydi bir foydalanuvchi.
Boshqa biri esa ko‘pchilik ish, o‘qishini tugatib keyin kutubxonaga keladi. Ular qo‘shimcha ishlarini qilib olishi uchun ham kutubxona tun-u kun ochiq bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Yana bir foydalanuvchi esa 24/7 tizimida kutubxonaning barcha binolari ishlashi kerakligini aytyapti.
"Hozir faqat bitta B korpusi ishlaydi va kechki smenada ko‘pincha joy qolmaydi, joy bo‘shashini kutib turishga to‘g‘ri kelgan paytlarimiz ham bo‘ladi", – dedi kitobxon.
Nega tun-u kun ishlash tizimi qaytarilishi kerakligini yana bir kitobxon shunday tushuntiradi: "Tadqiqotchi domlalar bor, kechki 11 dan keyin kelib ishlashga majbur bo‘lishadi. Chunki o‘zbekchilik, uyda mehmon keladi yoki bola-chaqa sabab ishlolmaydi. Shuning uchun kutubxonaga kelib, bu yerning ashaddiy muxlisiga aylanib qolishgan", – deydi foydalanuvchilardan biri.
Viloyatdan keladigan kitobxonlarning aytishicha, tungi smena ular uchun juda foydali bo‘lgan. Chunki viloyatdan aynan kutubxonadagi manbalar uchun keladiganlar tungi smenada ham tezroq ishlarini bitirib, viloyatlariga qaytib kelishlari mumkin bo‘ladi.
Kitobxonlardan tungi smenada nechagacha qolganlari haqida so‘ralganda, ularning ko‘pi tungi 2-3 deb javob berishdi. So‘rovnomada qatnashgan ko‘pchilik tunda kelib, ertalabgacha qolib ishini qilishini aytgan bo‘lsa, hatto kitobxonlar ichida 24 soat vaqtini kutubxonada o‘tkazganlar ham bor.
















