Kelasi hafta Yevropa Chempionlar Ligasida chorak final o‘yinlari boshlanadi. Chigalyozdi sifatida esa, dam olish kunlari e'tiboringizga kuchli beshlikda navbatdagi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Bu hafta Italiyada rasman, Ispaniyada amaliy tomondan chempion nomi aniqlanishi ham mumkin. Germaniyada esa, «Oltin uchrashuv» maqomiga mos keladigan qiziqarli o‘yin kutib turibdi.

SAUTHEMPTON – LIVeRPUL (5 aprel, 23:55)

Shanba-yakshanba kunlari Angliya Kubogida yarim final o‘yinlari tashkil etilishi munosabati bilan, navbatdagi tur hafta bo‘yicha sochib yuborilgan va ba'zi o‘yinlar seshanba-chorshanba kunlari ham bo‘lib o‘tdi. Bugun esa, «Liverpul» qaysidir ma'noda o‘ziga «farm klub» hisoblangan «Sauthempton» maydoniga safar qiladi. Chempionlik poygasida har bir yo‘qotilgan ochko yakunda sovrinsiz qolishga sabab bo‘lishini inobatga olsak, bu o‘yin juda keskin o‘tishini taxmin qilsa bo‘ladi.

Birinchidan, «Sauthempton»ning turnir jadvalidagi ahvoli ham yaxshi emas. Jamoa 33 ochko bilan 16-o‘rinda boryapti va xavfli zonadan uzoqlashib ketgani yo‘q. Ikkinchidan, sauthemptonliklar «Liverpul» uchun ancha noqulay raqib sanalishadi. To‘g‘ri, jamoa «Liverpul»ga qarshi to‘rt o‘yindan beri gol ura olmayapti, lekin masalan, ikki yil oldin aynan «Sauthempton» Liga kubogida «qizillar»ni chiqarib yuborgandi. Umuman, jamoa turnir jadvalida qaysi o‘rinda borishidan qat'i nazar top-klublarga qarshi munosib to‘p surishini ta'kidlash kerak. Masalan, o‘z maydonida «Arsenal», «Tottenhem» ustidan qozonilgan g‘alabalar, «Manchester Yunayted» bilan har ikki o‘yinda g‘alabaga yaqin bo‘lganliklari, «Stemford Brij»dagi durang ko‘p narsadan dalolat beradi.

Va albatta, yuqorida eslanganidek, Sauthemptondan juda ko‘p futbolchilar Liverpulga ko‘chib o‘tishgan: bugun ulardan Mane, Lallana, Klayn kabi futbolchilar sobiq muxlislari qarshisida to‘p surishlari mumkin. Mezbonlar safida esa, Ingz sobiq jamoasiga qarshi o‘zini ko‘rsatishga urinib ko‘radi.

YuVeNTUS – MILAN (6 aprel, 21:00)

Turinliklar Italiyada yangi rekord o‘rnatishlari, ya'ni 7 apreldayoq rasman chempionga aylanishlari mumkin. To‘g‘ri, bu voqea «Yuventus» – «Milan» o‘yinida ro‘y bermaydi, chunki jamoa «Napoli»dan yetarlicha o‘zib ketishi uchun, ertasiga, «Napoli» «Jyenoa»ga yutqazishi talab etiladi.

Shunday bo‘lsa-da, «Yuventus» bu o‘yinda g‘alaba uchun maydonga tushishi va imkon qadar tezroq ichki sovrinlarning egasiga aylanib olishi muhim. Shu tariqa, bor imkoniyatini 22 yillik orzu – Chempionlar Ligasini qo‘lga kiritishga qaratsa bo‘ladi. Raqib «Milan» ekanini e'tiborga olsak, bu o‘yin juda keskin kurashlar ostida o‘tishi tabiiy. Ba'zi qo‘shimcha holatlar bu o‘yinda tomonlarning imkoniyatlarini tenglashtiradi.