O‘zbekiston Prezidentining “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kimyo tarmog‘ida islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dasturda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • tarmoqning ayrim korxonalari aktivlarini mahalliy va xorijiy investorlarga sotish orqali amaldagi ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va kengaytirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish;
  • “O‘zkimyosanoat” AJ tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish va jamiyat boshqaruvi organlarining mustaqilligi va mas'uliyatini oshirishga qaratilgan korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish;
  • kimyo tarmog‘i korxonalarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy holatini yanada yaxshilash.

“O‘zkimyosanoat” AJ, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat va “O‘zkimyosanoat” AJ ulushlarini quyidagi tartibda sotish to‘grisidagi taklifiga rozilik berildi:

a) investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan potensial investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish yo‘li bilan:

“Samarqandkimyo” AJ ustav kapitalidagi 60,35 foiz davlat aksiyalari va “O‘zkimyosanoat” AJning 39,65 foiz aksiyalarini ekologik jihatdan zararsiz zamonaviy kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish sharti bilan “nol” xarid qiymatida;

“Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ ustav fondidagi “O‘zkimyosanoat” AJning 51 foiz ulushini korxonaning ishlab chiqarish quvvatini yiliga 200 ming tonnadan 450 ming tonnagacha oshirish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun investitsiyalarni jalb qilish sharti bilan bozor qiymatida;

“Qo‘qon superfosfat zavodi” AJ ustav kapitalidagi 70,54 foiz davlat aksiyalari va “O‘zkimyosanoat” AJning 25 foiz aksiyalari - “Indorama” (Singapur) kompaniyasiga superfosfat ishlab chiqarish quvvatini 100 foiz sof holda 63 ming tonnaga yetkazish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan 4,3 mln AQSh dollari miqdorida sotib olish qiymatida;

b) “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi 48,05 foiz davlat aksiyalari va “O‘zkimyosanoat” AJning 2,95 foiz aksiyalarini investor tomonidan ammiak ishlab chiqarish quvvatini yiliga 660 ming tonnaga, karbamidni — 600 ming tonnaga, ammiakli selitrani - 700 ming tonnaga va azot kislotasini - 530 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan - tanlov savdolarida bozor qiymatida;