Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan va qimmatbaho metallardan tayyorlangan o‘lchovli yombilarni sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan va qimmatbaho metallardan tayyorlangan o‘lchovli yombilarni sotish va qaytarib xarid qilib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan aholining investitsion va jamg‘arish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida turli o‘lchamlardagi yombilar muomalaga chiqariladi.
Sotish va qaytarib xarid qilib olish obekti bo‘lib O‘zbekiston Respublikasining amaldagi standartlariga mos keluvchi yombilar hisoblanadi.
Yombilarni sotish va qaytarib xarid qilib olish Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari va tijorat banklari orqali amalga oshiriladi.
Markaziy bankning rasmiy veb-saytida yombilarni sotadigan va qaytarib xarid qilib oladigan bank shoxobchalarining manzili haqidagi ma'lumotlar e'lon qilinib boriladi.
Tijorat banklari tomonidan yombilarni sotish va qaytarib xarid qilib olish Markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasida tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Yombilar sotuvi jismoniy shaxslarga naqd va naqd pulsiz hisob-kitob shaklida, yuridik shaxslarga to‘lovni pul mablag‘lari o‘tkazilishi yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Yombilarning sotuv narxi har kuni, milliy valutada, qimmatbaho metallning Markaziy bank tomonidan belgilanadigan 1 gramm narxi va Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan marjaga asosan belgilanadi hamda Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.
Yombilarni qaytarib xarid qilib olish bank shoxobchalari orqali amalga oshiriladi.
Qadog‘i buzilmagan but holatdagi yombilarni qaytarib xarid qilib olgan bank shoxobchasi uning egasi bilan hisob-kitoblarni 2 kundan oshmasdan amalga oshiradi.
Bunda yuridik shaxsning vakili yombilarni tasarruf etish huquqi borligi to‘g‘risidagi ishonchnomani taqdim etishi kerak.

















