O‘zbekistonda mehmonxona xizmatlarini kengaytirish va yaxshilashga yo‘naltirilgan yangi tuzilma ochilgani haqida e'lon qilindi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining xabar berishicha, yangi tuzilmaning asosiy maqsadi – mahalliy mehmonxona xizmatlari sifatini yaxshilash, bu sohadagi milliy va xalqaro dasturlarni ishlab chiqish va ularda ishtirok etish.

11 aprel kuni Otelerlar assotsiatsiyasi, mahalliy hamda xorijiy hamkorlar tomonidan "2.0 mehmondorchiligi: chaqiriq va yechimlar" Welcome-forumi tashkil qilindi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Forumni o‘tkazishdan maqsad - mehmondorchilik sanoatini rivojlantirish, soha infratuzilmasini rivojlantirishda ilg‘or tajriba almashinuvida ishtirok etish, oteler kasbini ommalashtirish, marketing, konsultatsion va axborot xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek yuqori malakali mutaxassislarning ma'lumotlar bazasini yaratish, personalni saralashga oid xizmatlarni yo‘lga qo‘yish.

Forumning tantanali ochilishida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.b. Abdulaziz Akkulov qatnashdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

"O‘zbekistonda investorlar, shu jumladan mehmonxonalar qurilishiga sarmoya kiritish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Turizm sohasida ishbilarmonlar uchun 20 ga yaqin imtiyoz taqdim etildi. Mehmonxonalar qurilish surati o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida yangi tartib o‘rnatilib, unga muvofiq, davlat investorlarning mehmonxona qurilishiga ketgan xarajatlarning muayyan qismini qoplaydi. Xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va himoyalashga doir qabul qilinayotgan choralar natijasida mehmonxonalar qurilishi ko‘rsatkichlari yuqori o‘sishi kutilmoqda", - dedi u.

Abdulaziz Akkulovning so‘zlariga ko‘ra, 2017-2018 yillarda O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 100 mehmonxona qurilgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 170 dan oshishi rejalashtirilmoqda. Joriy yilda respublika bo‘yicha mehmonxona nomerlarining o‘sish suratlari 37 foizni tashkil qilishi kutilmoqda, 2017-2018 yillarda bu ko‘rsatkich 4-5 foizni qayd etgan.