Kun.uzʼning navbatdagi suhbatdoshi adabiyotshunos olim, o‘tgan asrning eng yaxshi adabiy ko‘rsatuvlaridan biri “Hayrat” ning muallifi Rahmon Qo‘chqor bo‘ldi.

Adabiyotshunos bilan suhbatimiz “Hayrat” ko‘rsatuvi, o‘zbek adabiyoti, ta'lim va tarbiyadagi mavjud kamchiliklar, ularning yechimi, so‘z erkinligi, xalqimizni kitob mutolaasidan uzoqlashtirgan omillar, shuningdek, xalq tafakkuri borasida kechdi.

Quyida suhbatning ikkinchi qismi bilan tanishishingiz mumkin.

Video: Youtube.com

Video: Mover (tas-ix)

 Rahmon aka, ko‘pchilikning fikricha, amal ijodni sindiradi. Sizning ham ma'lum bir yillaringiz Prezident devoni va Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda o‘tdi.

Suhbatga tayyorgarlik chog‘ida bir necha adabiyot vakillari bilan suhbatlashganimizda ular Rahmon Qo‘chqorning ijodi amalga o‘tguncha juda kuchli edi, yonib ijod qilardi, keyin sustlashib qoldi, degan fikrni bildirishdi.

Xo‘sh, siz o‘zingiz ijodkorning amal kursisiga kelgach ijoddan to‘xtashi to‘g‘risidagi fikrga qanday qaraysiz?

— Ilyosbek, avvalo bir narsani aniqlashtirib qo‘yishimiz kerak. To‘g‘ri, men 12 yil davomida Prezident devoni va Vazirlar Mahkamasi idoralarida xizmat qilganman. Lekin men amaldor bo‘lgan emasman. Amaldorlik boshqa masala. Mening xizmat avtomobilim yo‘q edi, bolalarimni bog‘chaga olib boradigan alohida shofyorim bo‘lgan emas. Biz qolgan yuzlab kishilar singari Prezident devonidadir va Vazirlar Mahkamasidadir, funksiya bajaruvchi, kichik bir xonada kun bo‘yi mehnat qiluvchi, kompyuter qarshisida qaror loyihasidir, farmon yoki farmoyish loyihasidir, u yoki bu qonun loyihasidir, umuman, funksiya bajaruvchi xodim bo‘lganmiz.

Amaldor bo‘lgan emasmiz. Demoqchimanki, men o‘zimni hech qachon amaldor bo‘lganman deb hisoblamayman. Balki, tashqaridan qaragan odamga shunday ko‘ringan bo‘lishi mumkin.

Vazir – amaldor, vazir o‘rinbosari amaldor, hokim – amaldor, Agentlik rahbari – amaldor. Ya'ni bular  amal kursisiga ega bo‘lgan odamlar. “Fishka” deyishadi. U yoki bu imzosi ma'lum summani u yoqdan bu yoqqa o‘tkazib yuboradigan kishilar. Bizning imzomiz unday imzo bo‘lgan emas.