2019 yil 15 aprel kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida 369-sonli maktabgacha ta'lim muassasasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi Facebook’dagi sahifasida xabar berdi.

Davlat-xususiy sherikchilik asosida xayriya faoliyati shaklida tashkil etilgan mazkur ta'lim muassasasi birlashtirilgan turdagi birinchi MTM bo‘lib, unga ham sog‘lom tarbiyalanuvchilar, ham jismoniy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalar qatnash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Yakkasaroy tumanida kapital ta'mirlanishdan keyin ochilgan 369-sonli MTM birinchi inklyuziv maktabgacha ta'lim muassasasi bo‘ldi. Birlashtirilgan turdagi MTM ruhiy rivojlanishi sust bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan guruhlar va umumiy ta'lim guruhlaridan iborat bo‘ladi.
“Inklyuziv ta'lim – ham sog‘lom, ham imkoniyati cheklangan bolalarga birdek kerak. Biz har bir bola bag‘rikeng bo‘lishga o‘rgatish bilan birga inson qadriyatlari uning imkoniyatiga bog‘liq emasligi haqidagi fikrni singdirmoqchimiz. Yoshlik chog‘ida bolaning ruhiy holati ochiq, egiluvchan va o‘zlashtirishga tayyor bo‘ladi. Insonlar orasida turli fe'l va qiyofaga ega insonlar mavjudligiga o‘rgangan bolalar kelajakda o‘zlaridan farq qilgan bolalarga zulm yetkazmaydi. Jismoniy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar uchun MTMga qatnash muloqot qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lish imkoniyatini yaratib berib, ularning keyingi ijtimoiy moslashuvini osonlashtiradi. Bolalarning bir-biri bilan uchrashishi faqatgina o‘yin maydoni yoki oshxona bilan cheklanib qolmaydi. Inklyuziya tamoyilini amalga oshirish maqsadida har bir oddiy guruhga uch nafar imkoniyati cheklangan, masalan nutqida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan bolalar qatnaydilar. Biz homiylar tomonidan ko‘llab-quvvatlanadigan maktabgacha ta'lim muassasalari soni ko‘payishidan umid qilib qolamiz”, - deydi maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin.

Yakkasaroy tumanidagi 369-sonli MTMda psixik rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan tarbiyalanuvchilar uchun 7 ta guruh (1 guruhda 15 nafargacha bolalar nazarda tutilgan) hamda inklyuziv yo‘nalishdagi umumiy ta'lim bo‘yicha 7 ta guruh (1 guruhda 25 nafargacha bolalar nazarda tutilgan) ochilishi rejalashtirilmoqda.

















