«(U) g‘aybni biluvchidir. Bas, O‘z g‘aybidan biror kimsani xabardor qilmas» (Jin surasi, 26).

 Komillik yo‘lida halol mehnat qilish, hayot mashaqqatlarini sabru qanoat bilan yengib o‘tish, ezgu maqsadga erishishda to‘g‘ri va xolis yo‘lni tanlash azaldan xalqimiz e'tiqodiga xos insoniylik mezonlaridan hisoblangan.

Ammo bugun shiddat bilan rivojlanayotgan fan-texnika asrida insonlarning nafaqat o‘zidagi bilim va tajriba, iste'dod va imkoniyat yoxud ular uchun yaratilgan moddiy-ma'naviy, texnik va texnologik imkoniyatlardan, balki sehr-jodu, folbinlik, afsungarlik bilan bog‘liq g‘ayritabiiy xizmatlardan foydalanishga rag‘bati tobora oshib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Bu nimadan dalolat beradi?! Bundan anglash mumkinki, ayrim odamlar o‘z maqsadlariga (xoh u ezgu, xoh u yovuz niyatlar bo‘lsin) qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, tezroq yetishga intilmoqdalar. Nima uchun? Chunki ezgu maqsadlar yo‘li – olis va mashaqqatli. Unga yetishish uchun peshona teri to‘kish, mashaqqatlarni sabot bilan yengish lozim bo‘ladi. Ammo ayrim kimsalar, taassufki, bunday yorug‘ yo‘lni tanlamayaptilar. Ulardagi tanballik, sabru qanoatsizlik yoki faqatgina o‘zi va o‘z baxti, omadini o‘ylashdek xudbinlik illatlari ularni qanday yo‘l bilan bo‘lmasin maqsad-muddaosiga erishishga undamoqda.

Tabiiyki, ularga odamlar taqdirini aytib beruvchi, ularning mulki va oilasiga g‘ayritabiiy kuchlardan foydalanib, ta'sir o‘tkazishni da'vo qiluvchi sehrgar, folbin, kohin va boshqa shaxslar o‘z xizmatlarini taklif qilmoqdalar. Hattoki internet tarmog‘ida ularning ochiqdan-ochiq targ‘ibot ishlarini ko‘rishimiz mumkin.

Tashqaridan qaraganda, go‘yoki «odamlarning ishlarini yurishtirib yuborayotgan», «baxtini ochib beradigan», «mansabini ko‘tarib yuboradigan» sehr-jodu egalari bugun ko‘p odamlarning ongu xayolini band qilib olgan.

Aslida g‘ayb siri, g‘ayb sirlaridan ogohlik faqatgina Yaratganning ixtiyorida. Bu haqda muqaddas islom dinimizda bot-bot uqtirishlar keltirilgan.

Muammo shundaki, ularning makriga uchgan ko‘plab odamlar bugun o‘z topgan daromadi, oilasi, farzandlari rizqini qiyib, ularning nasibasini folbinlar hukmiga qo‘shqo‘llab topshirmoqdalar va aldanib qolmoqdalar.

Bugun mahallalarda yoki ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan folbinlarning eshigi oldida navbatda turgan kishilarni tez-tez uchratish mumkin. Bir qarashda ularning faoliyatini xuddiki tadbirkorlikka ham o‘xshatib yuborasan beixtiyor. Ammo unday emas, haqiqiy tadbirkor xalqni aldamaydi, unga xolis xizmat ko‘rsatadi. Undan odamlar manfaat topadilar.