41 yoshli Vladimir Zelenskiyning g‘alabasi Ukrainaning amaldagi prezidenti, ukrainlarni milliy ramzlar atrofida birlashtirishga urinib, o‘zini Rossiya agressiyasiga qarshi turuvchi rahnamo sifatida gavdalantirgan Petro Poroshenko uchun jiddiy zarba bo‘ldi.

Markaziy saylov komissiyasi saylov byulletenlari to‘liq hisoblab chiqilganidan keyin Zelenskiy 73,32 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘lganini rasman e'lon qildi.

Mashhur teleserialdagi o‘ylab topilgan prezident rolini ijro etgan Zelenskiy qarshisida G‘arb hamda Qrimni anneksiya qilib, sharqiy hududlardagi ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Rossiya qarama-qarshiligidagi maydonga aylangan mamlakatni boshqarish vazifasi turibdi.

Saylovning ilk natijalaridan keyinoq g‘olibligi ma'lum bo‘lib ulgurgan Zelenskiy o‘z shtabida tarafdorlari oldida chiqish qildi va ukrain xalqini uyaltirib qo‘ymaslikka va'da berdi: «Hozircha men rasman prezident emasman, ammo men Ukraina fuqarosi sifatida sobiq ittifoq davlatlariga ayta olamanki, bizga qarang - ilojsiz ishning o‘zi yo‘q!».

Mag‘lubiyatini tan olgan Poroshenko esa siyosatdan ketmasligini aytib, Zelenskiy kuchli muxolifat bilan to‘qnashishidan ogohlantirdi.

Poroshenko ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Kreml Zelenskiyning g‘alabasini nishonlayotgani haqida yozdi.

«Ular o‘ylashmoqdaki, yangi tajribasiz prezident bilan Ukraina tezlik bilan Rossiya orbitasiga qaytadi», dedi u.

«To‘la mavhumlik»
Siyosiy isteblishment bilan aloqalari yo‘q bo‘lgan Zelenskiy Ukraina sharqidagi urushga, shuningdek, jamiyatdagi korrupsiyaga barham berishni, narxlar o‘sishi va aholi turmush tarzi yomonlashishiga chek qo‘yishni va'da qildi.

Ammo u bunga qanday erishmoqchiligi noma'lum. U investorlarni haqiqatan ham mamlakatga xorijiy investitsiyalar jalb etilishi uchun islohotlar o‘tkazishiga ishontira olishi kerak.

«Bizda bo‘lajak prezidentning iqtisodiy siyosatga qanday yondashishi haqida tasavvurga ega emasmiz, biz shunchaki bexabarmiz va bu holat iqtisodiy hamjamiyatni tashvishlantiradi.

Biz birinchi qarorlarni, birinchi tayinlovlarni kutishimiz kerak. Aftidan, iyungacha hech narsa aniq bo‘lmaydi, xatarlar katta. Balki, barchasi o‘z holida qolishi ham mumkin», deydi Kiyevdagi Dragon Capital investitsion kompaniyasi vakili bo‘lgan Sergey Fursa.