Gadjetlarning kichik bolalar va o‘smirlar uchun salbiy ta'siri shu darajada batafsil hujjatlashtirilganki, texnologiyalardan voz kechish tarbiyaning asosiy maqsadlaridan biriga aylanib ulgurdi. Biroq yangi tadqiqot elektron qurilmalar ekrani oldida o‘tkazilgan vaqt bolaning ruhiy salomatligiga ta'sir qilishi borasidagi masalani ilgari  surmoqda. Yana bir tadqiqotga ko‘ra, bolaga gadjetlardan foydalanishni man etish aslida yoqimsiz oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin.

O‘smirlar ijtimoiy tarmoqlar va videoo‘yinlarga ko‘p vaqt sarflashlari borasida hech qanday shubha yo‘q. Amerika pediatriya akademiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, bola elektron qurilmalarga kuniga o‘rtacha yetti soat sarflaydi. Bolalarning o‘zi vaziyat nazoratdan chiqib ketganini tan olishmoqda: 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning 54 foizi telefon oldida ko‘p vaqt sarflashini va 52 foizi bu vaziyatni to‘g‘rilashga harakat qilganini aytishgan.

Gadjetlarga tobelik jamiyatda keng tarqaldi. O‘tgan yili o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, hatto qishloqlarda yashaydigan maktab o‘quvchilari ham vaqtlarini ochiq havodagiga qaraganda telefon bilan ko‘proq o‘tkazishadi. Amerika pediatriya akademiyasi 18 oydan kichik bo‘lgan bolalarga telefon bermaslik, 18 oydan 24 oygacha yoshdagi bolalarga mulfilm tomosha qilish vaqtini cheklash, ikki yoshdan besh yoshgacha bolalarga elektronikadan kuniga bir soat foydalanishga ruxsat berishni tavsiya etishmoqda. Biroq bu ishlaydigan ota-onalar uchun uyda smartfon, planshet yoki televizor umuman bo‘lmasligi kerakligini anglatadi.

Sog‘liqqa ta'siri qanday?

Ko‘p vaqtni ekran oldida o‘tkazish ruhiy va jismoniy salomatlik uchun keltiradigan xatarlar bilan bog‘lashmoqda.

  •  JAMA Pediatrics jurnalida yanvar oyida nashr qilingan tadqiqotda 2400 nafar bolaga tegishli ma'lumotlar taqdim etildi. Ular ikki-uch yoshda gadjetlar yonida ko‘p vaqt o‘tkazish uch va beshda yoshdagi rivojlanishning salbiy ko‘rsatkichlari bilan bog‘liqligini ko‘rsatdi.
  •  Kuniga uch soat vaqtni gadjetlar bilan o‘tkazgan to‘qqiz va o‘n yoshdagi 4495 nafar bola ishtirok etgan tadqiqot ularda diabet bilan kasallanish, insulinga rezistentlik va yog‘ to‘plamlarining paydo bo‘lishi kabi omillarning yuqoriligini ko‘rsatgan.
  • Elektron qurilmalar oldida kuniga ikki soatdan ko‘p vaqt o‘tkazish 15-17 yoshdagi o‘smirlarda suyaklar mustahkamligining kamayishiga olib keladi.