Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlaridan tashqari O‘zbekistonning barcha hududlarida 15 apreldan 1 iyunga qadar tabiatda baliq ovlash taqiqlanadi, yuqoridagi ikki hududda esa bu muddat – 25 apreldan 10 iyungacha.

«Bu oraliq muddat – baliqlarning ko‘payadigan davri, bu paytda tabiiy havzalarda baliqlarga antropogen ta'sir butunlay taqiqlanadi», – dedi «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Kamolxo‘ja Ismoilxo‘jayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Shuningdek, mutasaddining qo‘shimcha qilishicha, baliqchilikda aynan hozir – brakonerlik eng avj olgan paytdir.

«Bu davrda hamma baliq turlari ikra tashlash uchun qirg‘oqqa chiqadi. Baliqlar iliqroq, kislorod serob bo‘lgan sayoz joylarga chiqib, o‘t-o‘lanlarga urug‘ tashlaydi. Ularda bu paytda faollik ham pasayadi, qo‘lga tushirish ancha osonlashib qoladi.

Brakonerlar esa aynan shundan – baliqlarning ikra qo‘yish paytidagi passivligidan foydalanishadi. Ular sayozlikka chiqadigan baliqlarni kaltaklar bilan kutib turishadi», – deydi Ismoilxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq internetda bir guruh baliqchilar Toshkent dengizida 35 kilogrammlik baliq ovlagani suratlari tarqalgan, buning ortidan kelib chiqqan shov-shuvlarga «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi munosabat bildirib, ushbu baliqchilarni brakonerlikda ayblagan edi.