O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni Birlashgan Arab Amirliklari energetika va sanoat vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlat rahbari uchrashuv avvalida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida mamlakatimizga kelgan Birlashgan Arab Amirliklarining qator vazirlik va idoralari, yetakchi investitsiya, moliya, logistika, qurilish va boshqa kompaniyalari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiyani samimiy qutladi.

O‘z navbatida, BAA energetika va sanoat vaziri Suhayl al-Mazruiy Amirliklar delegatsiyasi nomidan davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda BAA Prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon, Abu-Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon va BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Joriy yil mart oyida Abu-Dabi va Dubay shaharlarida o‘tkazilgan oliy darajadagi samarali muzokaralar do‘stlik va sheriklikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Keyingi oylarda bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi delegatsiyalar almashinuvi erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirishning aniq yo‘nalishlari va birinchi galdagi chora-tadbirlarini belgilab olish imkonini bergani ta'kidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni, jumladan, elektr stansiyalarini qurish va modernizatsiya qilish, yangi konlarni o‘zlashtirish va uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlashni kengaytirish, zamonaviy kimyo sanoati va agrosanoat korxonalari, logistika markazlarini tashkil etish, mamlakatimiz hududlarida infratuzilmani rivojlantirish va boshqa qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan samarali islohotlarni amalga oshirishda tajriba almashish, shuningdek, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qilish muhimligi ta'kidlandi.















