7-tur ham poyonladi. Ko‘z tegmasin, Superligamiz qiziyapti. Coca cola ichib ko‘radigan o‘yinlar bo‘lyapti ammo. Hatto o‘rtamiyona deb qaralgan klublar ham jangovar o‘yin taqdim etishayotgani quvonarli hol. 

7-turning e'tiborga molik jihatlarini kuchli yettilikka qo‘yib ko‘rdim, yomon narsa chiqmadi lekin.

7. Qosimov o‘rnidan turdi...

Qator omadsizliklardan so‘ng OKMK g‘alaba qozondi va xavfli hududni tark etdi. Mirjalol Qosimovning tarkibdagi o‘zgartirishlari olmaliqliklarga qo‘l keldi va oxirgi turlarda o‘ziga kela olmayotgan «Surxon» mag‘lub etildi. Dastlabki turlarda yaxshi natijalar qayd etgani uchun ham hozircha termizliklar 8-o‘rinda borishmoqda, agar tezroq uyg‘onishmasa, bu kunlari ham orzu bo‘lib qoladi. «Surxon» bilan OKMK o‘rtasida faqatgina «Qizilqum» joy olgan.

6. «Bunyodkor» to‘xtatildi

Qaysi «Qizilqum» deyapsizmi – yetakchilar uchun-da bosh og‘rig‘i bo‘layotgan, turnir jadvalidagi ishlarga-da e'tibor bermay, o‘z o‘yinini o‘ynayotgan «Bunyodkor»ni to‘xtatgan navoiyliklar! Ha, ular «Abramov shaykasi»ni to‘xtatishdi. «Bunyodkor» shu o‘yinga qadar yutqazsa-da gol urayotgandi. «Qizilqum» bilan esa Abramovning rejalari ish bermadi.

To‘g‘ri, yagona gol penaltidan urildi, ammo bu yerda Aktamov shogirdlarining matonatli ishi to‘p kiritishlarida emas, balki gol o‘tkazmasligida... 

Keyingi turda poytaxtga Toshkentda ochko olishni yaxshi biladigan «Qo‘qon 1912» keladi va bu bahs ko‘p ehtimol bilan «Milliy» stadionining ochilishiga to‘g‘ri keladi. Maydon tekis bo‘lsa, rohatlanib ketsa kerak «bolalar»ning, biroq vodiyliklarning ham ishtahasi ochilgan-da. Demak, hozirdanoq zo‘r to‘qnashuvga taraddud ko‘ramiz.

5. Qarshidan benefis davom etadi

«Buxoro» - «Nasaf» o‘yinidagi natijadan so‘ng, bir buxoroliklarga achinsak, bir qarshilik yosh yigitlarning yana o‘z o‘yinlarini topib olishganidan xursand bo‘lamiz. «Nasaf» «Paxtakor»ga qarshi zo‘r o‘yin ko‘rsatib, keyin o‘sha harakatlarini yo‘qotib qo‘ygandi go‘yo. OKMKni «yanchib tashlagach» esa, Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlarida o‘zlariga bo‘lgan ishonch paydo bo‘ldi va bu safargi qurbon – «Buxoro»...