Dunyodagi eng mashhur kinofranshizaning navbatdagi filmi “Djyeyms Bond 25” suratga olinishiga oid rejalarini e'lon qildi. Unda aktyorlar tarkibi va sinopsis bilan birgalikda film qayerlarda suratga olinishi haqida ham ma'lumotlar bor.Unga ko‘ra Yamayka, Norvegiya, Italiya va Buyuk Britaniya bo‘lajak filmga lokatsiyalar sifatida tanlab olingan.
Shu kungacha Bond haqidagi kinoasarlar Avstriya, Shveytsariya, Turkiya, Bahama orollari, Hindiston, Islandiya, Tailand kabi tabiati va me'morchiligi jihatdan jozibali mamlakatlarda hikoya qilingan. Bu davlatlar ichida “007: Spektr” suratga olish jarayonlariga mezbonlik qilgan Marokash ham bor.
Xo‘sh, O‘zbekiston shaharlari qachon Bond kabi filmlar uchun lokatsiya sifatida tanlab olinadi? Keling, bu savolga javob berishdan avval quyidagi uchta savolga javob topaylik.

1. Bond kabi filmlarning bizda olinishidan nima naf?
“Travel Sompetitive Intelligence” marketing tadqiqotlariga ko‘ra dunyo bo‘ylab 40 million sayyoh ko‘rgan filmlaridan ilhomlanib, sayohat manzilini tanlaydi. 2015-2017 yillarda dunyo bo‘ylab kinosayyohlar soni 80 milliondan oshgan bo‘lib, ularning aksariyati Rossiya, Hindiston va Xitoy fuqarolari hisoblanadi.
“Garri Potter” filmlarida namoyish etilgan maskanlarga keladigan sayyohlar soni, ushbu kinoasar dunyo tomoshabinlari e'tiboriga havola etilgach, o‘rtacha 50 foiz, “Troya” filmidan keyin Turkiyaning Chanoqqal'asiga keladigan turistlar oqimi 73 foiz, “Dovyurak” (Braveheart)da namoyon bo‘lgan Shotlandiyaning Uolles monumenti ziyoratchilari adadi 300 foiz (!) oshgan.
Endi, o‘zingiz tasavvur qiling, dunyoning turli nuqtalaridagi tomoshabinlar “Djyeyms Bond”, “Bajarib bo‘lmas topshiriq” yoki “Forsaj” kabi davomli kino asarlarga ega franshiza filmlaridan birini tomosha qilayapti, u yerda esa “Samarkand, Uzbekistan” degan titr bilan Registon maydoni yoki boshqa obidalar chiqib kelsa... Albatta, bu turistlar oqimini keskin oshirishga hamda mamlakat brendini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shmay qo‘ymaydi.
Boshqa tomondan chet el kinokompaniyalari O‘zbekistonga film olish uchun kelishi ular mahalliy kinosanoat vakillari, mutaxassislar va tadbirkorlar xizmatidan foydalanadi degani. Iqtisodiyotning barcha sektorlariga hissa qo‘shilishi nuqtai nazardan xorijiy kinolarning bizda olinishini bir qancha millionlik valutadagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyaga tenglashtirish mumkin.
Gollivud yoki Yevropa kinokompaniyalari O‘zbekiston hududida film yaratishi mahalliy kinoindustriya uchun katta maktab bo‘ladi. Sohaga yangi tendensiyalar kirib kelib, standartlar yuqorilashiga turtki bo‘ladi.
















