«Terlamali Meri» - ellik nafardan ortiq kishiga ich terlamasini yuqtirgan, o‘zi esa sog‘lom holda qolgan ayolni aynan shunday atashgan. U bilan yuz bergan vaziyat biror kimsa sezilarli belgilarsiz ham xavfli infeksiya tarqatuvchisi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ingliz tilidagi “Terlamali Meri” (Typhoid Mary) – turdosh otga aylandi. Kasalliklarni qasddan yoki o‘zi bilmagan holda tarqatgan kishilarni shunday atashadi.

O‘zining gunohsizligiga kuchli ishongan, biroq majburan orolga surgunga yuborilgan va u yerda umrining jami 26 yilini o‘tkazgan ayol tarixi quyidagicha.

Hayot uchun xavfli infeksiyaga ega oshpaz

Foto: © Lupo / Wikimedia

Meri Mellon 1869 yilda Shimoliy Irlandiyaning eng qashshoq tumanlaridan birida tug‘ildi. Taxminan 14-15 yoshlarida u Amerika Qo‘shma Shtatlariga ko‘chib ketdi. Biroz vaqt o‘tgach badavlat xonadonlarda oshpaz bo‘lib ishlay boshladi. U taomni yaxshi pishirar, uy egalarida shikoyat uchun hech qanday sabab yo‘q edi.

1900 yildan 1907 yilga qadar u 7 ta turli oilalarda ishlab ulgurdi. Kichik Mamaronek shahridagi ikki haftalik faoliyatidan keyin u yerda ich terlamasi bilan kasallangan ilk bemorlar paydo bo‘ldi. Meri Manxettenga ko‘chib o‘tdi, biroq u ishga joylashgan oila a'zolarida bezgak va qorin og‘rig‘i boshlandi, kir yuvuvchi ayol esa vafot etdi. Keyinchalik kasallik uning izidan yura boshladi: advokat oilasidagi 8 kishidan 7 tasi ich terlama kasalligiga chalindi, keyingi uyda esa 11 kishidan 10 tasi kasallandi. Meri uzoq vaqt davomida bemorlarga g‘amxo‘rlik qilishda yordam berdi, biroq uning o‘zi ko‘proq zarar keltirayotgani yetti uxlab tushiga ham kirmagandi. U yana 3 ta oilani almashtirdi, ularning barida vaziyat takrorlandi.

Nyu-yorklik bank xodimi Charlz Uorrenning uyiga kelganida Meri hayotida muammolar paydo bo‘ldi. Uorren Teodor Ruzveltning yozgi Oq uyiga yaqin bo‘lgan Long-Aylendda uyni ijaraga oladi. U Merini oshpaz sifatida o‘zi bilan olib ketdi.

Foto: © GK tramrunner229 / Wikimedia

Long-Aylend. Teodor Ruzvel uy muzeyi. Charlz Uorren uning yonidagi qasrni ijaraga olgan.

Olti nafar kishi ich terlamaga chalinib yotib qolganidan keyin jamiyat hayratga tushdi. Bu kasallik xarobalar, qashshoqlik kasalligi hisoblangan va jamiyatning yuqori qatlamiga tegishli emas deb sanalardi. Uy egasi ich terlama haqidagi xabarlar uyni yana ijaraga berishiga xalaqit qilishi mumkinligi borasida xavotirga tushadi va kasallik sababini aniqlash uchun sanitariya inspektori Jorj Soperni yollaydi.