«Manchester Yunayted» yana bir futbolchisi bilan xayrlashdi. So‘nggi yillarda jamoa sardori bo‘lib kelgan ekvadorlik himoyachi Antonio Valensiya ham jamoani tark etadi. E'tiboringizga ushbu futbolchining jamoa muxlislariga murojaatini havola qilamiz.

Bir paytlar, men – ekvadorlik bolakayga birov kelib, kelajakda «Manchester Yunayted »da 10 yil o‘ynashimni aytsa, aslo ishonmasdim.

Men ota-onam va olti nafar aka-singillarim bilan Lago Agrio yaqinidagi qishloqda katta bo‘lganman. Hammasi oddiy edi. Ba'zida bayram qilardik, ammo atrofdagi, tashqaridagi haqiqat biroz boshqacha ekanini bilardik. Yashash uchun yetarli mablag‘lar kam edi, shuning uchun bolaligimiz juda og‘ir o‘tgan. Otam va bolalar, hammamiz uyga shunchaki, yegulik olib kelish uchun har kuni kurashardik. Onam ham.

Shahardagi neft sanoati tufayli ish ko‘p edi. Ishchilar ko‘p, otam ham, akalarim, opalarim ham hali ulg‘ayib ulgurmasdan, shu yerda, zavodda ishlashgan. Oilamga moddiy yordam berish uchun men ham ishga kirishar, masalan, ko‘chalardan butilkalarni to‘plardim. Ularni ko‘paygach, topshirib qanchadir pul olardim. Men ham bu kurashda askar edim. 

Noto‘g‘ri tushunmang, albatta, har bir bolakay kabi, mening ham baxtli kunlarim bo‘lgan. Uydagilar bilan o‘ynash zavq edi, aytishim mumkinki, bolaligimning yarmi quvonch, qolgan yarmi g‘am bilan o‘tgan. Lekin bu hayot, tabiiyki, hech qachon hammasi yaxshi bo‘lmaydi. Masalan, hammaning ham uyi ro‘parasida futbol maydoni bo‘lmagan, ya'ni omadlari kelmagan. Mening omadim kelgan.

Lago-Agrio jamoasi o‘sha stadionda o‘ynardi. Biz tomosha qilgani chiqar, shuningdek, istagan paytimizda u yerda to‘p tepishimiz mumkin edi. Deyarli har oqshomimiz o‘sha yerda o‘tar, ba'zida stadion xodimlari bizni to‘xtatish uchun svetni o‘chirib qo‘yishar yoki onam kelib, olib ketardi. Biz juda ko‘p futbol o‘ynardik va albatta, bu faoliyatimni boshlashga katta yordam berdi.

14 yoshga kirganimda «El Natsional» klubiga ko‘rikdan o‘tmoqchi bo‘ldim. Bu klub Ekvadorning eng kuchli jamoalaridan biri, mamlakat poytaxti Kito, bizning uyimizdan 250 kilometr masofada joylashgan. Meni 16 yoshlilar jamoasida sinab ko‘rishdi va murabbiy jamoaga olishga qaror qildi. Forma berishdi va yosh futbolchilar yotoqxonasiga joylashtirishdi. Shu tariqa mening futbol faoliyatim boshlandi.

«Manchester Yunayted»ga qiziqishim o‘sha paytlarda boshlangan. Manchesterda to‘p suradigan amerikaliklar – Veron va Forlan tufayli, bu klub menga yaqin bo‘lib qolgandi. Men «Yunayted»ning o‘sishini, yildan yilga turli sovrinlar yutishini kuzatdim. O‘sha paytlarda bu klub qanday klub ekanini his qila boshladim.