Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan 1994 yil 22 sentyabrida tasdiqlangan № 2013-XII sonli O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga quyidagi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin:
81-moddaning (Dalillarning turlari) ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:
«Bu ma'lumotlar guvohning, jabrlanuvchining, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspertning xulosasi, ashyoviy va raqamli dalillar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinotasvir va fotosuratlardan iborat materiallar, tergov va sud harakatlarining bayonnomalari va boshqa hujjatlar bilan aniqlanadi».
87-moddaning (Dalillar to‘plash) birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:
«Dalillar tergov va sud harakatlarini yuritish: gumon qilinuvchini, ayblanuvchini, sudlanuvchini, guvohni, jabrlanuvchini, ekspertni so‘roq qilish; yuzlashtirish; tanib olish uchun ko‘rsatish; ko‘rsatuvni hodisa ro‘y bergan joyda tekshirish; olib qo‘yish; tintuv; ko‘zdan kechirish; shuningdek, kompyuter tarmoqlarida masofadan erkin ulanish, guvohlantirish; murdani eksgumatsiya qilish; eksperiment o‘tkazish; ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish uchun namunalar olish; ekspertiza va taftish tayinlash; taqdim etilgan ashyolar va hujjatlarni qabul qilish; telefonlar va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib borilgan so‘zlashuvlarni eshitish, shuningdek tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish yo‘li bilan to‘planadi».
90-moddaning (Dalillarni bayonnomada qayd etish) uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinadi:
«Bayonnomalarga: tergov yoki sud harakatining ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma'lumotlar, bu shaxslarga ularning huquq va majburiyatlari tushuntirilgani; tergov yoki sud harakatining o‘tkazilish joyi va vaqti, shart-sharoitlari, jarayoni va natijalari, bunda topilgan elektron ma'lumot va moddiy obektlar tavsifi va ularning ish uchun ahamiyatli bo‘lgan belgilari; tergov harakatlari yoki sud muhokamasi ishtirokchilari tasdiqlashni so‘ragan faktlar; ularning yuz berayotgan hodisa sabablari xususidagi ko‘rsatuvlari, tushuntirishlari, mulohazalari; ular tomonidan berilgan iltimosnomalar, shikoyatlar, rad etishlar; tergov harakatini olib borish yoki sud muhokamasi jarayonidagi tartibbuzarlik hollari, shuningdek bu tartibbuzarliklarni bartaraf etish va oldini olish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar kiritiladi».

















