So‘nggi bir oy davomida Andijon shahri «Taxtako‘prik» mahallasidagi madrasa binosi haqidagi xabarlar internetda shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda. 

Ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan xabarlarda Do‘stlik ko‘chasida joylashgan madrasa kompleksi yotoqxonaga aylantirilgan bo‘lsa-da, u yerda yashayotgan kishilarga sharoit yo‘qligi, mahalla aholisi mazkur binoni masjid qilib qaytarishlarini so‘rayotgani haqida aytiladi. 

Kuni kecha esa bino auksion orqali savdoga qo‘yilgani ma'lum bo‘ldi.

Mana endi barchada, «Xo‘sh, bino nega auksion orqali sotilyapti?», degan savol paydo bo‘lgani aniq. 

Kun.uz uzoq yillardan beri «qo‘lma-qo‘l» bo‘lib kelayotgan bino bilan bog‘liq mojaroli holatlarga oydinlik kiritishga harakat qildi. Masala bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilingach, binolar kompleksidagi muammoli holat orqasidan «bir dasta hujjatlar yig‘indisi» to‘plandi. Maqolada to‘plangan hujjatlar haqida batafsil to‘xtalmay, ularni qisqacha mazmunda havola qilib o‘tamiz.

Aslida masjid yoki madrasa uchun niyat qilib qurilgan binoni o‘zlashtirish yoki sotuvga qo‘yish yaxshi oilada tarbiya topgan inson uchun juda qiyin masala.

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf shayx hazratlari shu muammo borasida savol so‘rashganda, masjid sotilmaydi, ammo shariatdan bexabarlar sotib olib, vaqf yerni o‘zlashtirishi oldini olish uchun ixlosli musulmonlardan kimdir uni sotib olsin va masjid uchun saqlab tursin, vaqti kelib, imkon bo‘lishi bilan yana masjid tasarrufiga beradi, degan edilar.

Madrasaning ayni paytdagi egasi kim?

«Taxtako‘prik» mahallasidagi mazkur inshoot madrasa yoki masjid sifatida ro‘yxatdan o‘tmagach, Andijon shahar hokimining 2009 yil 10 aprel kungi 169-K-sonli qaroriga asosan, «Muqaddas ziyorat safari» MChJ tasarrufiga o‘tkazib berilgan. Lekin, «Muqaddas ziyorat safari» MChJ o‘z faoliyatini to‘xtatganidan keyin shahar hokimining 2011 yil 20 sentabr kungi 658-K-sonli qaroriga binoan, maqsadli foydalanilmayotgan mazkur bino-inshootlar mahalliy kengash ixtiyoriga qaytarib olingan. Shuni aytish joizki, bino-inshootlar 3016,86 kv.m. yer maydonida joylashgan bo‘lib, umumiy qurilish maydoni 1931,86 kv.m.ni, umumiy foydalanish maydoni esa 1716,24 kv.m.ni tashkil etadi.