Adliya vazirligining onlayn bepul yuridik maslahat berishga yo‘naltirilgan advice.uz platformasi ishga tushgani haqida xabar berilgan edi. Poytaxtda 25-27 aprel kunlari o‘tkazilgan Tashkent Law Spring xalqaro yuridik forumi doirasida platformaning tantanali ishga tushirilish marosimi bo‘lib, jahon hamjamiyatiga ham u haqida ma'lumot berilgan edi. 

Mazkur portal 2019 yil 9 yanvardagi «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida» gi Prezident farmoniga asosan ishga tushirilgan. Platformaning qulayliklari bilan aholini yaqindan tanishtirish maqsadida Adliya vazirligi vakili Furqat Tojiyev Kun.uzʼga batafsil ma'lumot berdi.

advice.uz qanday qulayliklarni taqdim etadi?

Platforma barchaga har joyda onlayn tarzda bepul yuridik maslahat berishni maqsad qiladi. U orqali quyidagi huquqiy masalalarga yechim topish mumkin.

  • mehnat qonunchiligi;
  • chet elda ishlash tartibi — migratsiya;
  • pasport tizimi;
  • oila munosabatlari;
  • uy-joy, kommunal xo‘jalik;
  • fuqarolar tadbirkorligi;
  • ijtimoiy himoya masalalari;
  • sog‘liqni saqlash;
  • bank, soliq masalalari;
  • transport sohasidagi qonunchilik;
  • davlat xizmatlari;
  • iste'molchilar huquqlarini himoya qilish;
  • ta'lim qonunchiligi;
  • sud-huquq masalalari, huquqiy himoya;
  • majburiy ijro byurosi, nizolarni hal qilish;
  • harbiy xizmat.

Eng muhimi, agar murojaatchi o‘zini qiziqtirgan masala bo‘yicha ma'lumot topa olmasa, onlayn-maslahatchi xizmati mavjud. O‘sha xizmat orqali bemalol malakali mutaxassislar orqali savollarga javob olish mumkin bo‘ladi.

Hozirda sayt yaratildi, huquqiy maslahatlar berilyapti. Lekin asosiy muammolar joylarda, hududlarda. Shuning uchun har bir tumanda www.advice.uz'ning maslahat byurolarini tashkil etish rejalashtirilgan. U yerga fuqarolar bevosita kelib, bepul huquqiy maslahat olishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, bosqichma-bosqich tarzda uzoq aholi borishi qiyin bo‘lgan hududlarni ham qamrab olish maqsad qilingan. Yaqin kelajakda har bir inson huquqiy muammolar yechimini o‘z mahallasidan chiqmasdan turib topish imkoniyati yaratiladi.