Ko‘plab maktab o‘quvchilari oldida o‘quv mavsumi yakunlanib borishi bilan endilikda oliy ta'lim muassasasini tanlash va kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tish mavzusi va masalasi turibdi.

Aynan shu mavzu va oliy ta'limning kelajagi haqida Harvard Business School, AQShning Kolorada universiteti va Ozarbayjon Iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi, ayni paytda O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligida loyiha rahbari Odiljon Abdurazzoqov Kun.uzʼga o‘z mulohazalarini bildirdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

— Istaymizmi, yo‘qmi O‘zbekistonda yoshlarning oliy ta'limga qamrab olinishi, o‘sha yoshlarning oliy ta'limga bo‘lgan istagini to‘laligicha qondirish imkoniyati yuqori emas. Shuning bilan birgalikda, O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasasini faoliyatini tashkil etish xarajatlari juda ham yuqori. Nima deb o‘ylaysiz, kelgusida shunaqa masalalarga qandaydir yechimni biz taklif eta olamizmi, nimaga O‘zbekistonda qamrov haligacha past?

— Savolingiz uchun katta rahmat. Xabaringiz bor 2018-yilda Prezident tomonidan tasdiqlangan strategiyada O‘zbekistonni 2030 yilga kelib, top 50 innovatsion rivojlangan davlatlar orasida ko‘rish reja qilib olingan. Shu o‘rinda buyuk fizik olimi Isaak Nyutonning so‘zi bilan boshlasam, if I have seen further than others, it is by standing on the shoulders on gians, ya'ni «agar men boshqalardan uzoqroqni ko‘ra olgan bo‘lsam, buning sababi devlarning yelkasida o‘tirganimdir» .

Biz O‘zbekiston oliy ta'lim tizimi, O‘zbekiston ilm-fani, O‘zbekiston innovatsion rivojlanish haqida gapirishdan avval, o‘zbek ilm-fani qaysi olimlarning yoki Nyutonning ta'biri bilan aytganda, qaysi «dev» larning yelkasida turganligiga bir nazar tashlashimiz kerak. Butun dunyo e'tirof etgan tibbiyot olimi Ibn Sino, bugungi raqamli iqtisodiyotning asosini qo‘yib bergan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ulug‘bek singari olimlarni yoki devlarning yelkasida turgan bugungi oliy ta'lim tizimimiz qanchalik uzoqroqni ko‘ra olishi, demak, bugungi oliy ta'lim tizimi bilan mas'ul bo‘lgan davlat idoralari, vazirliklar, shu jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bu oliy ta'lim muassasa rahbarlari bilan bir qatorda, butun respublikamizdagi har bir insonni qiziqtirishi tabiiy.