Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida 126 ming 106 nafar aholi istiqomat qiladi. Ulardan 41 ming 330 nafarini yoshlar tashkil etadi. Hududdagi yoshlarning 8 ming 349 nafari fan, ta'lim, madaniyat, san'at va ijtimoiy sohaning turli yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ishsiz yoshlar esa 8 ming 305 nafardan iborat. Shuningdek, 467 nafar yoshlar o‘qish va ishlash maqsadida xorijga chiqib ketgan. 2018 yilda 8 ming 103 nafar yoshlarning bandligini ta'minlash maqsadida 5 ta mehnat yarmarkasi, 170 ta ochiq muloqotlar tashkil etilgan. Hozirgi kunga qadar 230 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitilayotgan bo‘lsa, 58 nafar yoshlar hunarmandchilikka jalb etilgan. 64 nafar yoshlar kasanachilik bo‘yicha faoliyat yuritadi.

O‘tkazilgan mehnat yarmarkalari orqali 52 nafar ishsiz yoshlar bandligi ta'minlandi. 47 nafar yoshlar dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarida ish boshladi. Ishtixon tumanida esa 248 ming nafar aholi istiqomat qilib, ularning 146 ming 769 nafarini yoshlar. Hududdagi yoshlarning 5 ming 914 nafari fan, ta'lim, madaniyat, san'at va ijtimoiy sohaning turli yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ishsiz yoshlar esa 3 ming 520 nafardan iborat. Shuningdek, 341 nafar yoshlar o‘qish va ishlash maqsadida xorijga chiqib ketgan. Hozirgi kunga qadar 284 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitilayotgan bo‘lsa, 49 nafar yoshlar hunarmandchilikka jalb etilgan. 50 nafar yoshlar kasanachilik bo‘yicha faoliyat yuritadi. O‘tkazilgan mehnat yarmarkalari orqali 47 nafar ishsiz yoshlar bandligi ta'minlandi, 43 nafar yoshlar dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarida ish boshladi.

Ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan va jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi mudhish voqea ko‘pchilikning dilini xira qildi. Hayotda o‘z yo‘lini topa olmay, yoshligini zavol toptirib, umrini nafsiga o‘lja qilgan ishtixonlik va qo‘shrabotlik bo‘lgan 3 nafar yigitlar  huquqiy madaniyatining pastligi va birovning haqiga oson ega chiqish ilinji sabab panjara ortida boshi egik. Bugun ular shu jinoyatni sodir etmaganida ishtixonlik bir oilaning 5 nafar a'zosi hayotdan bevaqt ko‘z yummagan bo‘lar edi. Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va yoshlar o‘rtasidagi bu kabi illatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Yoshlar press klubi”ning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. “Samarqand viloyatida yoshlar jinoyatchilikning oldini olish masalalari tahlili” mavzusidagi ochiq muloqotda  O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Begmat Ochilov, “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Shuhrat Jalilov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov hamda Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Davron Azizovlar spiker sifatida qatnashdi.