10 iyun kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ilk bor jurnalistlar bilan «Meduza» muxbiri Ivan Golunovning qo‘lga olinishi holatini muhokama qildi.
«Meduza»: Kreml Ivan Golunovga qarshi jinoiy ish ochilishiga qanday izoh bera oladi?
Dmitriy Peskov: Kreml Golunov ishi bo‘yicha izoh berishi imkonsiz. Men sizga faqat shuni aytishim mumkinki, ish haqida juma kuniyoq Peterburgda prezidentga ma'lumot berilgan. O‘shanda bu anchayin bahsli holat ekani haqida hisobot berilgandi. Kreml, bilasizki, bu ish yuzasidan izoh berish huquqiga ega emas. Hech qachon bunday bo‘lmagan va bu safar ham bo‘lmaydi. Ammo, bu ish ancha rezonansli bo‘lgani hisobga olinib, albatta, biz voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boramiz. Aytishim mumkin bo‘lgan gaplar mana shu.
«Meduza»: Aytgan so‘zlaringiz bo‘yicha aniqlashtirsak. Siz 7 iyun, juma kuni Ivan Golunov haqidagi savoldan keyin IIVning uydan olingan suratiga e'tibor qaratishni so‘ragandingiz. Shundan bir necha soat o‘tib IIV tan oldiki, e'lon qilingan suratlarning aksari Golunovning uyiga aloqadormas ekan. Kremldagilar taniqli jurnalist qo‘lga olingan vaqtda nafaqat jamoatchilikka, balki yuqori organlarga ham yolg‘on ma'lumot bergan politsiya ishiga qanday baho beradi?
Peskov: Ha, biz chindan ham IIV tomonidan e'lon qilingan suratlarga asoslangandik. Keyin tahrirlangan ma'lumotlar berildi. Bunday vaziyatda biz faqat rasmiy manbalarga tayanamiz. Yana qaytaraman: biz keyinroq e'lon qilingan tahrirga ham e'tibor qaratdik. Albatta, kun tartibida aniqlik kiritilishi kerak bo‘lgan qator savollar bor.
«Meduza»: Kreml Golunov ishidagi sudga tergov hujjatlari bilan birga taqdim etilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha faktlarga qandaydir munosabat bildiradimi? Masalan, jurnalist qo‘lga olinganidan keyin 13 soat mobaynida o‘z yaqinlari bilan bog‘lana olmagan va advokat chaqira olmagan.
Peskov: Sizga ma'lumki, bu muassasalar va tergov idoralari ishidagi qoidabuzarliklarga munosabat bildirish Bosh prokuratura zimmasida. Ish bo‘yicha barcha materiallar bosh prokuratura ixtiyorida mavjud. Bizda Bosh prokuratura o‘z funksiyalarini bajarishiga shubha yo‘q.
«Dojd»: Prezident maslahatchisi Anton Kobyakov bu ishni shaxsan nazoratga olgani haqida ma'lumot paydo bo‘ldi. Kremlda bu ish bo‘yicha kim shug‘ullanmoqda? Bu mavzu bugun inson huquqlari bo‘yicha vakil Tatyana Moskalkovaning prezident bilan uchrashuvi vaqtida ham ko‘tariladimi?
















