Dam olayotganimizda tashqi olamdan butunlay uzilamiz, biroq miyamiz ishlashdan to‘xtamaydi. Mazkur maqolada Layfxaker tomonidan berilgan qiziqarli ma'lumotlar taqdim etiladi.

1. Uyquning bir necha siklini boshdan kechiramiz
Dastlab organizm sekin uyquning birinchi bosqichiga o‘tadi. Ko‘zimiz ilina boshlaydi, biroq hali qisman atrofdagi haqiqatni anglashda davom etamiz. Ikkinchi va uchinchi bosqichlardan keyin tezkor uyqu fazasi boshlanadi. Ana shu bosqichda tushlar ko‘ramiz. To‘liq sikl 90-120 daqiqani tashkil etadi va tun davomida 4-5 marta takrorlanadi.
2. Miyadagi barcha chiqindilar chiqarib tashlanadi
Tadqiqot ma'lumotlariga ko‘ra, uyqu vaqtida chiqindilarni chiqarib tashlash tizimi ishga tushadi. Miya orqali orqa miya suyuqligi tezroq haydaladi. Shu tariqa zaharli moddalar yo‘qotiladi. Masalan, bir kun davomida to‘planadigan molekulyar chiqindi Alsgeymer kasalligi va demensiyaga olib kelishi mumkin.
3. Yangi ma'lumotlar xotirada saqlanadi
Uyqu vaqtida miya ma'lumotni qisqa muddatlidan uzoq muddatli xotiraga joylashtiradi. Shuning uchun ham uyqu o‘qish-o‘rganish uchun muhim. U olingan axborotni keyinchalik foydalanish uchun mustahkamlashda yordam beradi. Shunday ekan, agar imtihon topshirishingiz kerak bo‘lsa, tuni bo‘yi ma'lumotni yodlamasdan to‘yib uxlab olgan ma'qul.

4. Vaqtinchalik harakatlanish qobiliyatini yo‘qotamiz
Tezkor uyqu fazasida miya harakat uchun mas'ul bo‘lgan neyronlarni o‘chirib qo‘yadi. Bunday vaqtinchalik falajlik xavfsizligimiz uchun zarur. Aynan shu sababli tepmaymiz, harakatlanmaymiz va tushdagi voqealarni harakatlarimizda takrorlamaymiz. Bu holat odatda 20 daqiqaga yaqin davom etadi.














