6 iyun kuni Moskvada «Meduza»ning maxsus muxbiri, o‘zining o‘tkir jurnalistik tekshiruvlari bilan tanilgan jurnalist Ivan Golunov qo‘lga olindi. Katta miqdordagi narkotik moddalar saqlashda ayblanayotgan Golunov uy qamog‘iga hukm qilingan. Uning hamkasblari va uning o‘zi qo‘lga olinishini kasbiy faoliyati bilan bog‘lamoqda.

Jurnalistning qo‘lga olinishi

Tezkor xodimlar Golunovni 6 iyun kuni, taxminan soat 14:40da ko‘chada tutib olib ketishgan. U boshqa jurnalistlar bilan ishchi uchrashuvga ketayotganida ortdan kelgan fuqarolik kiyimidagi xodimlar uning qo‘lini qayirib, kishan taqishgan va avtomobilga mindirishgan. Politsiyachilar Golunov advokat talab qilganidan keyingina guvohnomalarini ko‘rsatishgan (qo‘lga olishda Roman Filimonov va Dmitriy Kojanov ishtirok etgan, avtomobil rulida Akbar ismli haydovchi bo‘lgan). Xodimlardan biri Golunovning jinsisi cho‘ntagidan telefonini olib, uni blokdan chiqarishni talab qilgan - jurnalist rad etgan.

Golunovni ichki ishlar boshqarmasiga 15:40da olib kelishgan. Golunovning advokat chaqirish talabiga javoban politsiyachilar u avval «majburiy ko‘rik»dan o‘tkazilishi va bu jarayonda advokat ishtirok etishi talab qilinmasligini aytishgan. Uning ryukzakini ochib (ko‘rik vaqtida u stulda bo‘lgan va Golunov uni hamisha ham kuzatib tura olmagan), uning ichidan shariklar solingan paket olishgan. Ulardan ikkitasi ekspertizaga yuborilgan va 3,56 gramm miqdoridagi mefedron moddasi aniqlangan.

Jurnalist so‘roq vaqtida so‘zlab berishicha, politsiya tintuv vaqtida uni urgan. Golunovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun narkodispanserga olib borishgan. U bu yerda ham advokat talab qilgan va stulni mahkam ushlab olgan. Uni stuldan ajratishga harakat qilishgan - Golunov polga yiqilgan va boshini urib olgan. Keyin uni polda sudrashgan. Maksim ismli xodim uni bir necha bor urgan. Moskva IIBB keyinroq bergan press-relizida jurnalistning kaltaklanishi haqidagi da'volar «haqiqatga mos kelmasligi» aytildi.

Golunov qo‘lga olingani haqda jamoatchilikka faqat 7 iyun kuni ma'lum qilindi. Tong soat 4:00da Tergovchi Igor Lopatin jurnalistning do‘sti, «Bi-bi-si» muxbiri Svetlana Reyterga qo‘ng‘iroq qildi. 

«Orqa fonda Vanyaning so‘zlari eshitilib turardi: «Barchani tabriklayman. Tizim ajoyib ishlamoqda. Ikki beso‘naqay menga narkotik tashlab qo‘yishga harakat qildi». U juda xotirjam ovozda gapirardi», deydi Reyter. Faqat shundan keyingina Golunov uchun «Agora» huquq faollari guruhi advokati Dmitriy Djulay yuborilgan. Golunovning advokat guvohligidagi so‘rovi soat 6:55da boshlangan. Djulay politsiyachilar Golunovning tanasidagi kaltaklash izlarini qayd etish uchun tez tibbiy yordam chaqirishdan bosh tortishgani haqida aytib bergan.